Kattaqoʻrgʻon shahrining uchinchi sektor hududida bayram arafasida bir qator obyektlar qurilib foydalanishga topshirildi, deya xabar qiladi Kattaqoʻrgʻon shahar hokimligi Axborot xizmati.

Yurtimizdazda bayramlar, muhim sanalar bilan bogʻliq qutlugʻ ayyomlar arafasida yangidan qurilgan inshootlarni ishga tushirish anʼanaga aylangan. Keyingi bir yarim yil ichidagi Kattaqoʻrgʻon shahrida amalga oshirilgan keng koʻlamdagi oʻzgarishlar, rivojlanishlarni barcha kattaqoʻrgʻonliklar koʻrib, dildan his qilmoqda. Vazirlar Mahkamasining Kattaqoʻrgʻon shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha chiqarilgan qarori asosida ulkan bunyodkorlik, qurilish-taʼmirlash ishlarining olib borilayotgani juda katta muvaffaqiyat, albatta. Ushbu islohotlarning natijasi oʻlaroq, qurilib foydalanishga topshirilayotgan obyektlar shahr ahliga Mustaqilligimizning 30 yilligiga munosib sovgʻa boʻladi.

Xususan, Kattaqoʻrgʻon shahar hokimi Gavhar Alimova, sektor rahbarlari, keng jamoatchilik ishtirokida Ingichka shaharchasidagi 15-umumtaʼlim maktabi, Islom Shoir mahallasi foydalanishga topshirildi.  

15-umumtaʼlim maktabi uchinchi sektorga qarashli Kattaqoʻrgʻon shahridan 30 km uzoqlikdagi Ingichka shaharchasida joylashgan. Maktab 910 oʻringa moʻljallangan. Investitsiya dasturi asosida muassasa toʻliq kapital taʼmirdan chiqarildi. Taʼmirlash ishlari davomida oʻquv xonalari, sport zali, kutubxona, oʻqituvchilar xonalarida barcha shart-sharoitlar yaratildi.  

Bayram munosabati bilan foydalanishga topshirilayotgan yana bir inshoot 3-sektorga qarashli Ingichka shaharchasida joylashgan Islom Shoir mahallasi ham bugun barcha qulayliklarga ega boʻlgan maskanga aylandi.

Ayni paytda mahallada 2721 nafar aholi istiqomat qiladi. Shu vaqtga qadar mahalla xodimlari 1975-yilda hashar yoʻli bilan qurilgan eski binoda faoliyat yuritar edi. Zamon talablari darajasida barpo etilgan, kerakli jihozlar bilan taʼminlangan maskan mahalla xodimlari ish faoliyatlarini yaxshilashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

 Gulnoza TURGʻUNBOYEVA, 

«Postda» muxbiri.

Samarqand viloyati.