Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Davlatimiz rahbari Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida yakuniga yetayotgan yilni sarhisob etdilar. Shuning barobarida kelgusi yilda mamlakatimizni taraqqiy ettirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdilar.
Mamlakatimiz taraqqiyotini yangi pogʻonaga olib chiqish uchun boshqaruv ham, qonunchilik ham, jamiyatimiz ham oʻzgarishi kerakligini, «Avval – inson, keyin – jamiyat va davlat» degan gʻoyani Konstitutsiyamiz va qonunlarimizga, kundalik hayotimizga singdirishimiz kerakligini alohida taʼkidladilar.
Avvalambor, ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga oʻtishni taklif qildilar. Bu borada Prezidentning tegishli farmoni qabul qilindi. Unga koʻra, hukumatning ish uslubi tubdan takomillashtirilishi, vazirlik va idoralar soni hozirgi 61 tadan 28 taga kamaytirilishi koʻzda tutilgan. Davlat xizmatchilari soni bosqichma-bosqich 30–35 foizga qisqartirilib, iqtisod qilinadigan mablagʻlar ijtimoiy masalalarga yoʻnaltiriladi. «Imom Moturidiy bobomizning: «El-u yurt bilan hamdard boʻlib yashagin, toki xalq hamisha sen bilan birga boʻlgay», degan hayotiy hikmati har bir vazir, har qaysi rahbarning ongi, qalbi va harakatida muhrlanishi lozim», – deya taʼkidladilar Yurtboshimiz.
Ikkinchi yoʻnalish, Yangi Oʻzbekistonni «ijtimoiy davlat» tamoyili asosida qurish maqsadini oʻz ichiga oladi. Maktablarda taʼlim sifati hamda jamiyatda oʻqituvchi kasbining nufuzini oshirish, muallimlarning sharoitlarini yaxshilash kelgusi yilda eng asosiy vazifalardan biriga aylanadi. Jumladan, boshlangʻich sinflarda mutlaqo yangi metodika asosida yaratilgan darsliklar boʻyicha oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi. Oʻquvchilarning maktabdan oʻzbek tili va chet tillarini puxta oʻzlashtirib, kompyuterda ishlashni oʻrganib chiqishiga, ularda erkin va kreativ fikrlashni, jamoada ishlash va muloqot koʻnikmalarini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Maktab taʼlimi xalqaro taʼlim dasturlari asosida butunlay isloh qilinadi. 2023-yili 70 ta yangi maktab quriladi, 460 ta maktab kengaytiriladi. Xususiy investitsiyalar ishtirokida 100 ta maktab qurish loyihalari boshlanadi, kelgusi besh yilda ularning soni mingtaga yetkaziladi.
Hozirda bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi 70 foizni tashkil etmoqda. Kelgusi besh yilda ushbu qamrovni 80 foizga yetkazish, buning uchun 600 ming yangi bogʻcha oʻrni barpo etish rejalashtirilmoqda.
Prezidentimiz soʻnggi yillarda oliy taʼlim muassasalari 2,5 barobar koʻpayib, 198 taga yetgani, qamrov darajasi 9 foizdan 38 foizga oshganini qayd etdilar. Bu koʻrsatkichlarni yanada koʻpaytirish koʻzda tutilayotganini, lekin taʼlim sifatini oshirishga har bir oliygoh oʻzi harakat qilishi lozimligini taʼkidladilar.
Salomatlik – tuman boylik. Yangi yilda bepul tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi qonun bilan belgilanadi. Toshkent shahrida davlat tibbiy sugʻurtasiga oʻtish jarayoni boshlanib, keyinroq bosqichma-bosqich boshqa hududlarda ham joriy qilinadi. Kelgusi ikki yil davomida oilaviy poliklinikalar va shifokor punktlariga eng kerakli uskuna va jihozlar yetkazib beriladi, ekspress laboratoriyalar toʻliq yangilanadi. Ushbu yoʻnalishdan xalqimizning sogʻligʻini muhofaza qilishga qaratilgan yana bir qator tashkiliy chora-tadbirlar oʻrin olgan.
Mahalla institutining tinchlik va osoyishtalik poydevori, ahillik va hamjihatlik, maʼrifat va tarbiya qoʻrgʻoni sifatidagi nufuzini oshirish borasida ham muhim yangiliklar amalga oshiriladi. Jumladan, «Mahalla budjeti» tizimi joriy etiladi. Natijada har bir mahalla oʻzining kutubxonasi, sport maydonchasiga ega boʻladi, boshqa ijtimoiy muammolarini mustaqil ravishda hal eta oladi.
Uchinchi yoʻnalish, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati ekanligi belgilandi. Ushbu yoʻnalishning ayrim jihatlariga toʻxtaladigan boʻlsak, tintuv oʻtkazish, telefon soʻzlashuvini eshitish va mulkni xatlashga sanksiya berish prokurordan sudga oʻtkaziladi. Tergovning faoliyati shaxsni ayblashga emas, jinoyatni fosh etish orqali haqiqatni aniqlashga yoʻnaltiriladi. Yurtboshimiz bu boradagi yana qator dolzarb vazifalarni belgilab berar ekanlar: «Hech kimning unutishga haqqi yoʻq – qonun talablari va inson huquqlari – biz uchun oliy qadriyat», – dedilar.
Toʻrtinchi yoʻnalishga koʻra tabiatni asrab-avaylash, suv, havo va atrof-muhitni toza tutish kelgusi yilda har bir mahalla aholisining amaliy harakatiga aylanadi. Jumladan, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar yanada kuchaytiriladi.
Beshinchi yoʻnalish, yaʼni erkin bozor mexanizmlarini joriy qilish, sogʻlom raqobat va xususiy mulk daxlsizligini, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash borasida ham muhim vazifalar belgilab berildi. Jumladan, kelgusi yildan tuman va shaharlar mavjud sharoiti, salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib, 5 ta toifaga ajratiladi. Tadbirkorlarga subsidiya, kreditlar va kompensatsiyalar esa toifalardan kelib chiqib ajratiladi. Ular uchun soliq stavkalari har xil boʻladi.
Bu yil qish mavsumida elektr va gaz taʼminotidagi uzilishlar aholiga birmuncha qiyinchiliklar keltirib chiqardi. Ana shu muammolarni hal etish choralari koʻrilyapti. Kelgusi yilda 4,5 ming megavattli 11 ta yirik loyiha yakuniga yetkaziladi. Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Fargʻona va Toshkent viloyatlarida barpo etiladigan quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushiriladi. Gaz zaxiralarini koʻpaytirish maqsadida geologiya-qidiruv ishlari boʻyicha oʻn yillik dastur qabul qilinadi.
Iqtisodiyotga mahalliy va xorijiy xususiy investitsiyalarni koʻpaytirish yoʻnalishidagi rejalar ham ulkan. Shuning hisobiga umumiy qiymati 8 milliard dollarlik 300 dan ziyod loyiha amalga oshiriladi.
«Kelgusi yili katta xususiylashtirishni boshlaymiz, mingga yaqin korxona savdoga chiqariladi. Bugun koʻnglimdagi bir niyatimni sizlarga ochiq aytmoqchiman. Mening katta niyatim – yurtdoshlarimiz orasida yuz minglab mulkdorlar, aksiyadorlar paydo boʻlsin. Odamlarimiz oʻz omonatlarini investitsiya qilib, yuqori daromadlarga ega boʻlsin. Shuning uchun topshiriq berdim: kelgusi yilda eng yirik 10 ta kompaniya va tijorat banklarimizning aksiyalari oʻz aholimiz uchun ochiq va shaffof savdoga chiqariladi», – dedilar davlatimiz rahbariyati mamnuniyat bilan.
Prezidentimiz milliy xavfsizlikni taʼminlash, Qurolli Kuchlarimiz jangovar salohiyatini oshirish, millatlararo doʻstlik, diniy konfessiyalar oʻrtasidagi hamjihatlik, ijtimoiy bagʻrikenglik muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarimizni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ona yurtga mehri va sadoqatini oshirish borasida toʻxtalib: «Biz jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, yoshlarimiz ongini buzgʻunchi yot gʻoyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, maʼrifat oʻrnini jaholat egallashiga yoʻl qoʻymaymiz», – dedilar.
Xullas, kelgusi yilda respublikamizni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari bilan tanishib chiqar ekanmiz, insonga eʼtibor va sifatli taʼlim eng ustuvor yoʻnalish ekanligiga ishonch hosil qilamiz. Prezidentimiz: «Taʼlim sifatini oshirish – Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakka-yu yagona toʻgʻri yoʻlidir», – deya taʼkidlaganlari bejiz emas.
Bobomurod TOSHEV.
