Mamlakatimiz ichki ishlar organlarida uyushqoqlik bilan davom etayotgan “Maʼnaviyat oyligi” doirasida IIV Malaka oshirish instituti xodim va tinglovchilari ham poytaxtimizdagi turli muzey, tarixiy obida va ziyoratgohlarga borib, ularning boy tarixi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻlishmoqda. 

Jumladan, kuni-kecha mazkur anʼanani davom ettirgan institut jamoasi “Yangi Oʻzbekiston” bogʻiga tashrif buyurib, ushbu maskanning yaratilishi, Mustaqillik monumenti hamda mazkur majmuada aks ettirilgan oʻtmish haqida batafsil maʼlumotlarga ega boʻlishdi. 

– Majmuada buyuk sarkarda va jahongirlar hamda mutafakkir ajdodlarimizning oʻlmas siymolari, mustabid tuzum davridagi ogʻir va mashaqqatli hayot, shuningdek, xalqimizning Ikkinchi jahon urushida koʻrsatgan jasorati taʼsirchan lavhalarda ifodalangan, – deydi institut maxsus kasbiy fanlar kafedrasi oʻqituvchisi, podpolkovnik Furqat Xidirov. – Shu boisdan mazkur majmua, bu yerga kelayotgan barchada unutilmas taassurot qoldirmoqda. 

Haqiqatan ham jonajon Vatanimizning qadimgi tarixidan boshlab, bugungacha boʻlgan muhim voqealar muhrlangan ushbu yodgorlik, mamlakatimizning yangi qiyofasi va ulkan salohiyatini namoyon etadigan bu bogʻ halqimizning shodu xurramliklari, bayram va tomoshalarini oʻtkazadigan ajoyib goʻshaga aylandi.  

Mixli SAFAROV,

“Postda” muxbiri.