Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

Tartib-intizom bor jamoada rivojlanish, olgʻa siljish boʻladi, sogʻlom muhit hukm suradi. Ota-bobolarimizdan anʼana boʻlib kelayotgan sharqona tarbiyaning asosi ham intizomga borib taqalishi bejiz emas. Har bir ishning boshlanishi intizom va qonuniylikka asoslanmas ekan, undan samarali natija kutish vaqtni behuda sarf qilishdir.

Barcha sohalarda, xususan, ichki ishlar organlarida intizom va qonuniylikka amal qilish xizmatning oltin qoidasi hisoblanadi. Zero, Asosiy qomusimiz, mamlakatimizdagi mavjud meʼyoriy qonun hujjatlari, hukumatimiz va vazirlik rahbariyatining buyruq va qaror­lari, farmoyish hamda koʻrsatmalariga rioya qilish xodimning jamoada, shuningdek, aholi oʻrtasida hurmatga sazovor boʻlishining asosiy omilidir.

Ichki ishlar organlari xodimlari kunning istalgan payti, har qanday ob-havo sharoitida zimmalaridagi vazifalarni vijdonan ado etayotganiga har doim guvoh boʻlamiz. Koʻcha-koʻyda hadik-xavotirlarsiz yurishimiz, oila aʼzolarimiz davrasida bayramlarni munosib nishonlashimiz zamirida oʻz oromidan, huzur-halovatidan kechayotgan ichki ishlar organlari xodimlari­ning sharafli xizmat faoliyati borligini aslo unutmasligimiz kerak.

Osoyishtalik posbonlarining asosiy xizmat faoliyati xalq orasida kechadi. Xodimning yurish-turishi, muomalasi hatto oʻzini tutishi ham, xohlaymizmi-yoʻqmi, doimo odamlar koʻz oʻngida turadi. Shu bois Ichki ishlar organlarining Intizom ustavida bu haqda batafsil toʻxtalib oʻtilgan. Tasavvur qi­ling, boshqalardan tartib-intizom va qonuniylikka amal qilishni talab qilayotgan xodimda ana shu xislatlar boʻlmasa, tabiiyki, buning taʼsiri ham kamayadi.

Intizom ustaviga murojaat qilamiz. Unda xodimlardan fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish, qonun ustuvorligini, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini taʼminlash, shu­ningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi yoʻlida fidoyilik bilan xizmat qi­lish talab etilishi alohida taʼkidlangan.

Bundan tashqari, ichki ishlar organlari xodimi ishonib topshirilgan tabel quroli, mol-mulk va texnikani asrab-avaylash, hushyor boʻlish, davlat va xizmat sirini qatʼiy saqlash, xodimlar oʻrtasida oʻzaro munosabatlar qoidalariga amal qilish, boshliqlar va hamkasblarni hurmat qilish, doimiy ravishda oʻz bilim va kasbiy koʻnikmalarini takomillashtirib borish, malaka va huquqiy madaniyatini oshirish, xizmatdan tashqari holatlarda oʻzini munosib ravishda tutish, jamoat tartibi va odob-axloq qoidalariga amal qilishda namuna boʻlishga majbur.

Eʼtibor bering, Ustavda xodimdan xizmat intizomiga rioya etish jarayonida yuqoridagi burch va majburiyatlarga qatʼiy amal qilish talab etilyapti. Shunchaki, yoʻl-yoʻriq yoki koʻrsatma sifatida tavsiya etilmayapti. Intizom ustaviga qatʼiy amal qilishni xodimlardan talab qilish natijasida soʻnggi yillarda sohada fidoyi, Vatanini jonidan ham ortiq sevadigan, yurt manfaatini oʻz manfaatidan ustun qoʻyadigan, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, sodir etilganlarini «issiq izida» fosh etish singari zimmalaridagi masʼuliyatli vazifalarni vijdonan bajaradigan mard va jasur osoyishtalik posbonlari soni tobora ortib borayotgani quvonarlidir.

Shuningdek, ichki ishlar organlarida yuksak xizmat intizomiga xodimlarda yuksak maʼnaviy-axloqiy va ishchanlik xususiyatlarini, xizmat burchini bajarishga nisbatan ongli munosabatni shakllantirish, har bir xodimning oʻz xizmat burchini bajarishga nisbatan shaxsiy masʼuliyati, ichki tartib va xizmat kiyimini kiyish qoidalariga qatʼiy rioya etish, boshliqlarning qoʻl ostidagi xodimlarga nisbatan kunlik talabchanligi, ularga doimiy gʻamxoʻrligi, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilish, ragʻbatlantirish va intizomiy jazo choralarini odilona, asosli qoʻllash, ichki ishlar organlari boʻlinmalarida zarur moddiy-maishiy sharoitlarni yaratish orqali erishilishi alohida koʻrsatib oʻtilgan.

Ustav bandlarida «xiz­mat intizomi» va «yuksak xizmat intizomi» deb alohida-alohida keltirilgan. Bu, bir soʻz bilan aytganda, «Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz!» shiori ostida yurt osoyishtaligi yoʻlida xizmat olib borayotgan xodimlarga mamlakatimizda inson shaʼni, qadr-qimmati har narsadan ulugʻligini doimo yodda tutishi zarurligini anglatadi.

Sharq xalqlarida tarbiya, odob-axloq masalalariga qa­dimdan alohida eʼtibor berilgan. Mavjud meʼyoriy hujjatlarda odob-axloq qoidalariga amal qilishning barcha muhim jihatlari, jumladan, fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala, kamtar va bosiq boʻlish, ularning mavqeidan qatʼi nazar, hech bir shaxs, guruh yoki tashkilotlar­ning kamsitilishi yoki afzal koʻri­lishi holatlariga yoʻl qoʻymaslik, boshqa davlatlar xalqlarining urf-odat va anʼanalarini hurmat qilish, ijtimoiy barqarorlik, millatlararo va dinlararo hamjihatlikka koʻmaklashish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini oʻz vaqtida qonuniy koʻrib chiqish, tamagirlikning har qanday koʻrinishiga murosasiz boʻlish singari insonga koʻrk bagʻishlaydigan sifatlarning deyarli birortasi ham chetda qolmagan.

Inson bir umr oʻqib izlanadi, bilmaganlarini oʻrganadi. Hech kim dabdurustdan komillikka erishib qolmaydi. Soha xodimlarini xalqqa yanada yaqinlashtirish maqsadida keng koʻlamli islohotlar olib borilayotgani bois ichki ishlar organlarida xizmat intizomi va qonuniylikka rioya qilish orqali eng oliy vazifa – ona Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligi taʼminlanmoqda.

Tizimda yaratilgan koʻplab imtiyozlar va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashlarga qaramasdan, xodimlar tomonidan xizmat intizomi buzilishi, yoʻl-transport hodisalari sodir etilishi, poraxoʻrlik, tamagirlik kabi salbiy illatlar, afsuski, hamon kuzatilmoqda. Jumladan, 2021 yilning 10 oyida 5991 nafar xodim intizombuzarlikka yoʻl qoʻygan boʻlsa, 1563 nafari maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan.

Respublika miqyosida sodir etilgan intizombuzarlik holatlari turlari boʻyicha tahlil qilinganda, oʻtgan 10 oy davomida 3610 nafar xodim xizmat vazifasini bajarishga masʼuliyatsizlik bilan yondashganligi uchun intizomiy jazolangan.

Fuqarolar ongida pora olish va davlat organi xodimiga pora berish ham birdek jinoyat ekanligi, unga nisbatan jazo muqarrarligini singdirishga qaratilgan bir qancha chora-tadbirlar belgilanib, amalga oshirilib kelinayotganligiga qaramasdan, hanuzgacha tizim shaʼniga dogʻ tushirayotganlarni hech bir sabab bilan oqlab boʻlmaydi.

Vaholanki, ushbu xodimlar pora taklif qilish holatlari boʻyicha oʻz vaqtida oʻrnatilgan tartibda axborot berganida, nafaqat ichki ishlar organlarida xizmatni davom ettirayotgan va jinoiy javobgarlikka tortil­magan boʻlardi, balki boshqa hamkasblari kabi tizim obroʻsini koʻtarib, oʻzlari ham moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirilishi mumkin edi.

Avazbek INOMOV,

podpolkovnik.

Sherzod ABDUSAMADOV,

«Postda» muxbiri.