Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida turar joyga ehtiyojmand bir guruh xodimlarga sertifikatlar topshirildi. Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda taʼlim muassasasi rahbariyati, xodimlar va ularning oila aʼzolari ishtirok etdi. 

“Inson qadri uchun” degan tamoyil hayotimizda tobora ustuvor ahamiyat kasb etib bormoqda. Binobarin, ushbu tamoyil yurtimizda yashayotgan har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoitini yaratish, jamiyatda inson qadrini ulugʻlashni nazarda tutadi. Keyingi yillarda barcha sohalar qatori, ichki ishlar organlari tizimida ham keng koʻlamli yangilanishlar amalga oshirilib, soha xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. 

– Bu borada davlatimiz rahbarining “Ichki ishlar organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etdi, – dedi Akademiya boshligʻi, polkovnik Rustam Xatamov. – Mazkur qaror bilan xodimlar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilish mexanizmlari takomillashtirildi. Muhimi, islohotlarning amaliy natijasi tizimda xizmat qilayotgan har bir xodimning kundalik faoliyati va turmush sharoitida yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Tadbirda bir guruh xodimlarga turar joy sotib olish uchun boshlangʻich subsidiya toʻlovi huquqini beruvchi sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi. 

– Koʻp yillardan beri poytaxtda ijara uyda istiqomat qilaman. Ichki ishlar vazirligi tomonidan yangi turar joy olish uchun imtiyozli subsidiya ajratilganidan juda xursand boʻldim. Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, muhtaram Prezidentimizning eʼtibor va gʻamxoʻrliklari samarasida ichki ishlar organlari xodimlarining yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan masalalar ijobiy yechimini topmoqda. Xizmatda yuqori natijalarga erishayotgan hamkasblarimizga, ularning oila aʼzolari va farzandlariga qoʻshimcha imtiyozlar berilmoqda. Bizga koʻrsatilayotgan bunday ragʻbat barchamizni ona Vatanimiz va xalqimizga cheksiz sadoqat bilan xizmat qilishga undaydi, – deydi IIV Akademiyasining Tarbiyaviy ishlarni tashkil etish boʻlimi katta inspektori, mayor Farhod Meliqulov.  

Tadbir yakunida xodimlarning oila aʼzolari taʼlim maskanida yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar va amalga oshirilayotgan yangilanishlar bilan yaqindan tanishdilar. 


IIV Akademiyasi Axborot xizmati.