Islohotlarning
huquqiy asosi
«Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari» tamoyili asosidagi Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida «Inson qadri uchun» tamoyili ustuvor. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyati «Inson – jamiyat – davlat» degan yondashuv bilan boyitildi. Xususan, uning moddalarida inson huquqlari himoyasi, xususiy mulk daxlsizligini taʼminlash, mehnat resurslari va moliyaviy mablagʻlarning erkin harakatlanishi boʻyicha konstitutsiyaviy kafolat mustahkamlab qoʻyilgan. Bu jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalarida shu yoʻnalishdagi yangilanish, oʻzgarishlar keng miqyosda davom etajagini anglatadi, albatta. Bu yoʻlda Prezidentimiz taʼkidlaganidek, hech kimning unutishga haqqi yoʻq – qonun talablari va inson huquqlari – biz uchun oliy qadriyat.
Davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish, davlat va jamiyat qurilishi tizimida fuqarolik jamiyati institutlari rolini kuchaytirish, fuqarolik jamiyati, yaʼni, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish va mahalliy ahamiyatga ega masalalarni mustaqil hal qilishga boʻlgan huquqlari kengaytirildi. Bularning barchasi mamlakatimizda inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, adolat va qonun ustuvorligini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish, milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, xavfsizlik va mudofaa salohiyatimizni kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish uchun qonuniy asos boʻlib xizmat qiladi.
Sifatli taʼlim – taraqqiyot kafolati
Globallashuv sharoitida zamonaviy, sifatli bilim berishga asoslangan taʼlimgina mamlakatning raqobatdoshligini taʼminlaydi. Mazkur jarayonda nostandart, kreativ va tanqidiy fikrlash, yuqori intellektual salohiyatga ega boʻlgan mutaxassislarga talab ortadi. Bu oʻz-oʻzidan taʼlim sifatini oshirishdek muhim vazifani yuzaga keltiradi.
Yurtimizda keyingi yillarda taʼlim sifatini oshirish, yosh avlodga zamon talablari asosida sharoit va imkoniyatlar yaratish borasida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ilgari tajribamizda boʻlmagan Prezident maktablari, ijod maktablari hayotimizga kirib keldi, ixtisoslashtirilgan maktablar tarmogʻi kengaytirildi.
Oʻtgan yili mamlakatimizda 72 ta yangi maktab qurildi, 279 tasi kapital taʼmirdan chiqarildi, 514 ta maktab esa rekonstruksiya qilindi. Maktablar uchun 30 mingdan ortiq kompyuterlar xarid qilindi. Joriy yangi oʻquv yilidan oʻquvchilarimizga xorijdan maxsus taklif etilgan 500 nafar ingliz tili mutaxassisi dars bermoqda. Boshlangʻich sinf oʻquvchilari ilgʻor xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan yangi dastur va darsliklar boʻyicha oʻqishni boshladi.
Tibbiy xizmat sifati oshib, tibbiy madaniyat yuksalmoqda
Inson sogʻlom boʻlsa, jamiyatning toʻlaqonli ishtirokchisiga aylanadi. Yurtimizda sogʻliqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, aholi salomatligini saqlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyatan shu maqsadga qaratilgan, desak, toʻgʻri boʻladi.
Mamlakatimizda birlamchi tibbiy xizmatlarni aholiga yanada yaqinlashtirish, tibbiyot muassasalari sharoitini yaxshilash, soha xodimlarini ragʻbatlantirish, sohani malakali kadrlar bilan taʼminlash, jamiyatda sogʻlom turmush madaniyatini
oshirish, kasalliklarning oldini olish va profilaktika qilish maqsadida keng qamrovli ishlar yoʻlga qoʻyilmoqda. Buning samarasi oʻlaroq, oxirgi 5–6 yilda ixtisoslashtirilgan yuqori texnologik tibbiy yordam koʻrsatish markazlari soni 10 tadan 24 taga, ularning hududiy filiallari 2 tadan 270 taga yetdi. Markazlar tomonidan amaliyotga tatbiq qilingan yangi tashxislash va davolash usullari soni 260 tadan 2 ming
84 taga oshdi. Shuningdek, ayni paytda tibbiyot muassasalarida xirurgiya yoʻnalishida qoʻshimcha 27 turdagi, endokrinologiyada 7, kardiologiyada
14 turdagi yuqori texnologik amaliyotlar joriy etilgan.
Eʼtiborli jihati shundaki, yurtdoshlarimiz murakkab jarrohlik amaliyotlari uchun xorijga sarson boʻlib bormayapti. Shu yerning oʻzida kerakli davo choralari qoʻllanilmoqda. Bu borada xorijiy yoki respublika markazlarining mutaxassislari bilan teletibbiyot orqali maslahat, konsultatsiyalar ham olib borilyapti.
Bundan tashqari, sohani xalqimizga yanada yaqinlashtirish maqsadida hududlarda oilaviy shifokorlik punktlari va oilaviy poliklinikalar tarmogʻini kengaytirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Joriy yil boshidan buyon 46 ta oilaviy shifokorlik punkti, 35 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etilib, 250 ming nafar aholiga birlamchi tibbiyot yaqinlashtirildi. 2023–2024-yillar davomida qoʻshimcha 1 ming 373 ta tibbiyot muassasasini tashkil etish rejalashtirilgan.
Xalq bilan muloqot
Bugun davlat idoralari rahbar xodimlari kabinetdan chiqib, aholi bilan muloqot qilyapti, xalqning dardini eshitib, fuqarolar murojaatlari «mahallabay», «xonadonbay» kesimlarida hal etilmoqda. Joylarda mutasaddi rahbarlar ishtirokida oʻtkazilayotgan sayyor qabullar erkin muloqot maydoniga aylanib ulgurdi. Shunday tadbirlarda bandlik, yoʻl qurilishi, ichimlik suvi, elektr va issiqlik taʼminoti singari qator yoʻnalishlardagi muammolar atroflicha oʻrganilmoqda. Ularga yechim topilib, aholining yashash sharoitini yaxshilash, turmush farovonligini oshirish boʻyicha amaliy ishlarga oʻtilmoqda.
Shu oʻrinda, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida hayotbaxsh islohotlar samaradorligini oshirishda MFY raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli hamda profilaktika inspektoridan iborat mahalla beshligining hamjihatlikdagi faoliyati islohotlarning muhim «drayveri» boʻlayotganini taʼkidlash joiz.
Xulosa oʻrnida
«Inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinligi taʼminlanishini nazarda tutamiz. Inson qadri deganda, biz har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat koʻrsatish, sifatli taʼlim, ijtimoiy himoya tizimi, sogʻlom ekologik muhit yaratib berishni tushunamiz». Yurtboshimizning ushbu soʻzlari hayotiy ifodasi turmushimizda sodir boʻlayotgan evrilish, yangilanishlarda tobora yorqinlashib bormoqda. Mamlakatimizda islohotlar tizginida inson qadri oliy qadriyat sifatida ulugʻlanmoqda. Bu dunyoga yuz ochgan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotida yangi sahifalar ochilishiga xizmat qilishi bilan nihoyatda ahamiyatlidir.
Gulnoza TURGʻUNBOYeVA,
oʻz muxbirimiz.
