Parkentdagi klubda Soʻqoq dam olish uyining direktori, shoir Orif Odilxonovning oltmish yillik yubileyi nishonlanmoqda edi. Tadbirda Toshkentdan kelgan bir guruh taniqli shoir-yozuvchilar ham ishtirok etayotgan edi.

Said Ahmad aka soʻzga chiqib, yubilyar haqida koʻp yaxshi fikrlarni bildirganidan keyin:

– Endi, oʻrtoqlar, yana bitta gapni aytishim kerak, – dedi. – Mana shu Orif Odilxonov, hammangiz bilasizlar, har kuni dam olish uyining istalovoyida ovqatlanadi. Demoqchimanki, Orif oʻz hayoti misolida odam istalovoyning ovqatini yeb ham oltmishga kirishi mumkinligini isbotlagan yagona inson boʻladi.