Bizning tanimizda Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Pahlavon Mahmud kabi bobolarimiz qoni oqmoqda. Biz shunga munosibmiz va bu munosiblikni har daqiqada butun xalqimizga, jahon ahliga tarannum qilishga shoshilishimiz kerak!
Shavkat MIRZIYOYEV
Har bir xalqning oʻz qahramonlari boʻladi. Vatan ozodligi yoʻlida mardlarcha kurashib, jonini fido qilgan dovyurak sarkarda Jaloliddin Manguberdi tarixda oʻchmas iz qoldirgan ana shunday milliy qahramonimizdir.
Jaloliddin ibn Alovuddin Muhammad 1198-yilda tavallud topgan. Otasi xorazmshohlar mamlakati hukmdori Sulton Alovuddin Muhammad, onasi esa turkman kanizaklaridan biri Oychechak boʻlgan. Jaloliddinning burnida xoli (mank) boʻlgani uchun Mankburni nomi bilan atalgan. Keyinchalik bu nom talaffuzda oʻzgarib, «Manguberdi» bilan mashhur boʻlib ketgan.
Jaloliddin Manguberdi haqida uning shaxsiy kotibi, tarixchi Nasaviy shunday yozadi: «Jaloliddin qorachadan kelgan, oʻrta boʻyli, turk lafzli odam edi. Fors tilini ham yaxshi bilardi. Uning botirligiga kelganda shuni aytish kerakki, sulton arslonlar orasidagi eng kuchli sher edi. Bir soʻzli, kek saqlamaydigan, ochiq koʻngil, toʻgʻri odam edi. U jiddiy shaxs edi. Hech qachon kulmasdi. Juda nari borsa, jilmayib qoʻyardi. U adolatsizliklarni yomon koʻrardi. Jaloliddin oʻta qatʼiyatli, nihoyatda irodali, murakkab vaziyatlarda, taqdirning qaltis sinovlarida oʻzini yoʻqotib qoʻymaydigan favqulodda mard va botir sarkarda edi».
Jaloliddin Manguberdi voyaga yetgach, otasi uni Gʻazna, Bomiyon, Gʻur, Bust, Takinobod, Zamindovar va Hindiston hududlarigacha boʻlgan yerlarga hokim va taxt vorisi etib tayinlaydi. Biroq Turkon xotun va qipchoq amirlarining qatʼiy noroziligi bois Qutbiddin Oʻzloqshoh foydasiga vorislikdan mahrum etilgan. Jaloliddin Manguberdi otasining harbiy yurishlarida ishtirok etib, oʻzining jasur jangchi, iqtidorli sarkarda sifatida namoyon etgan.
U Valiyon qalʼasini qamal qilayotganda Takajuk va Malgʻur boshchiligidagi moʻgʻul qoʻshiniga hujum qilib, uch kunlik jangdan soʻng ularni tor-mor keltiradi. Bu uning moʻgʻullar ustidan qozongan dastlabki yirik gʻalabasi edi.
1221-yili Sind (Hind) daryosi boʻyida Chingizxon qoʻshinlarining ilgʻorini tor-mor keltiradi. Biroq kuchi ozligi bois chekinadi. 4000 jangchisi bilan daryoning oʻng sohiliga suzib oʻtib, choʻl ichkarisiga kirib ketadi. Uning bu jasoratidan hayratda qolgan Chingizxon oʻz oʻgʻillariga qarab: «Ota oʻgʻil mana shunday boʻlishi lozim!» degan. Bu choʻl hozir ham Choʻli Jaloliy deb ataladi.
Sheryurak bahodir Jaloliddin Manguberdi nafaqat Vatan ozodligi va xalq manfaati yoʻlida kurashgan sarkarda, balki islom dinini munosib himoya qilgan buyuk eʼtiqod egasi hamdir. Uning jasoratiga Chingizxonday yovuz bosqinchi ham lol qolib, mardligini tan olgani tarixdan maʼlum. Jaloliddin Chingizxonga ilk bor 19–20 yoshlarida roʻbaroʻ kelgan. U 32–33 yoshida vafot etgan boʻlsa, demak, hayotining 11–12 yili mobaynida 48 ta jang koʻrgan.
Chingizxon qoʻshinlari oʻz yurishlarida birinchi bor Jaloliddinning lashkarlaridan yengila boshlagan. Jumladan, toʻrt muhorabada sarkarda tomonidan moʻgʻul qoʻshiniga qaqshatqich zarba berilgan. Oʻsha davrda Chingizxon koʻplab mamlakatlarni zabt etishga ulgurgandi. Ayniqsa, musulmon xalqlarida ushbu moʻgʻul qoʻshiniga qarshi turib boʻlmaydi, ular yaʼjuj-maʼjujlar, degan tushuncha paydo boʻla boshlagandi. Jaloliddin Manguberdi mana shu qarashni yoʻqqa chiqardi. Chingizxonga qarshi kurashish, uning lashkarini magʻlub etish mumkinligini isbotladi. Qalblarda ertangi kunga umid gulxanini yoqdi. Odamlarda gʻayrat-shijoatni uygʻotdi. Bu nihoyatda ulugʻ jasorat, juda katta qahramonlik edi.
Eng muhim jihat shuki, Jaloliddin Manguberdining boshiga ne bir musibat tushmasin, faqat va faqat Vatan dedi, uning istiqlolini, istiqbolini oʻyladi. U Xorazmshohlar vakili sifatida boshqa hukmdorlardan panoh soʻrashi, oʻz jonini xatarga qoʻymasdan, biror saroyda yashab oʻtishi ham mumkin edi. Biroq bunday qilmadi, ozodlik, hurlik yoʻlida kurashdi: butun yer yuzini titratib turgan Chingizxonning koʻziga tik boqdi, dushman ustiga ot surdi. Vatan ozodligi yoʻlida qon yutdi, qon toʻkdi, jon oldi, jon berdi. Jasorat va mardlik timsoli, qahramon sarkarda Jaloliddin Manguberdi mangulikka daxldor buyuk ajdodimizdir!
Adolat FAYZIYEVA tayyorladi.
