Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Bugun zamon yangi, qarashlar yangi. Yaratuvchi zot, deya eʼzozlaganimiz xotin-qizlarning ongu tafakkuridagi fikrlar tiniq, tashabbuslari, innovatsion gʻoyalari ham zamon bilan hamqadam ildamlab borayotir. Buni ularning davlat va jamiyat qurilishidan tortib ishlab chiqarish tarmoqlari, ilm-fan, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport, tadbirkorlik, hunarmandchilik, fermerlik sohasidagi faoliyat koʻlami kengayib borayotganida koʻrishimiz mumkin.
Jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshayotgan yurtimiz ayollarining bugungi qiyofasi, har qachongidan baland shahdu shijoati koʻnglimizda faxr uygʻotayotgani ham rost. Bu borada Prezidentimizning «Qaysi soha boʻlishidan qatʼi nazar, ayollar ham faol va yetakchi boʻlishini istayman. Bilasizlarmi, ayol bor joyda baribir adolat, haqiqat va mehr-muhabbat yonma-yon yuradi», degan soʻzlari har birimizning qalbimizga oʻzgacha bir gʻurur bagʻishlaydi.
Shu yaqin kunlarda BMTning Giyohvandlik moddalari va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Ashita Mittal xonim Sudyalar oliy kengashiga tashrifi chogʻida tizimdagi gender tenglik masalasi bilan qiziqib, ayni paytda sud tizimida
123 nafar sudya ayol faoliyat koʻrsatayotgani, ular orasida rahbarlik lavozimida ishlayotgani ham anchagina ekanligini bilgach, hayratlarini yashirmadi.
Bugungi ayol shiddat bilan taraqqiy etib, barcha sohalarga singib borayotgan axborot-texnologiyalari bilimdoniga harf oʻrgatib, uning savodini chiqargan ustoz. Innovatsion loyihalari dunyo tamaddunida muhim evrilishlarga aylanayotgan ilgʻor ixtirochi. Yirik ishlab chiqarish quvvatiga ega zavod-fabrikalar rahbari, iqtisodiy bilimlari boy tadbirkor. Masʼuliyati ogʻir, ammo sharafli kasb – ichki ishlar organlari tizimida erkak xodimlar bilan bir safda turib, huquqbuzarliklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda ularning oldini olish yoʻlida fidoyilik bilan xizmat qilayotgan osoyishtalik posboni. Mamlakatimiz fuqarolarining huquq va manfaatlariga xizmat qiluvchi qonun ijodkori, deputat. Uning har bir fikri shu yurt obodligi, fuqarolarning farovon hayotining huquqiy asosi boʻlib xizmat qilayotir. Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, hozirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan 150 nafar deputatning
48 nafari yoki 32 foizini xotin-qizlar tashkil etadi.
Senatda esa bu koʻrsatkich qariyb 25 foizga yetdi. Mahalliy Kengashlar deputatlarining 31 foizi ham jonkuyar, faol ayollardir.
Bugungi kunda ana shunday natijalar tufayli Oʻzbekiston parlamenti ayol deputatlar soni boʻyicha dunyodagi 190 ta milliy parlament oʻrtasida 37-pogʻonaga koʻtarildi.
Soʻnggi yillarda jamiyatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim, masʼuliyati ogʻir sohalarda xalqni rozi qilishdek ulugʻ maqsad bilan faoliyat olib borayotgan ayollarning safi tobora kengayib borayotgani quvonarlidir. Xususan, bugungi kunda ichki ishlar organlari tizimida xizmat olib borayotgan xotin-qizlarning 1189 nafari ofitser, 280 nafari serjant, 926 nafari safdor, 4944 nafari ishchi-xizmatchilarni tashkil etadi. Ularning 101 nafari ayni paytda turli darajadagi rahbarlik lavozimlarida faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, 350 nafari xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektor, 50 nafari psixolog-mutaxassis sifatida xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ayollar bandligini taʼminlash, ularga ijtimoiy koʻmak berish hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishda jonbozlik koʻrsatishmoqda.
Tizimda «polkovnik» maxsus unvoniga ega boʻlgan fidokor ayollar koʻpayib borayotgani esa koʻngilda faxr uygʻotadi.
Bizning teran tarixiy ildizlarimiz aql-zakovati bilan Amir Temurdek sarkardaning mehr-muhabbati, ishonchini qozongan Bibixonim, vatanparvarligi, jasorati, mardligi tarix sahnida hayrat va ibrat uygʻotuvchi Toʻmarisdek momolarga borib taqaladi. Oʻtgan yilning fevral-mart oylarida Sirdaryoning Boyovut, Buxoroning Olot, Qashqadaryoning Qarshi, Namanganning Toʻraqoʻrgʻon tumanlari va Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon shahriga ayol hokimlar tayinlangani tarixiy voqea boʻldi. Mazkur tayinlovlarga munosabat bildirgan Prezidentimiz «Ishonaman – ayollar rahbar boʻlgan tumanlarda adolat bayrogʻi boshqacha hilpiraydi. Biz hokimlikka saylangan rahbar ayollarimizga doim yordam beramiz, yelkadosh boʻlamiz. Bundan keyin ham katta-katta tashkilot va kompaniyalar rahbarligiga ayollarni tayinlash tashabbusi davom etadi, – deya hokim ayollarga yuksak ishonch bildirdi.
Hozirda respublikamiz tumanlari ijtimoiy va iqtisodiy kelib chiqishidan «qizil», «sariq» hamda «yashil» kabi reytinglarga boʻlingan. Ahvoli juda yomon boʻlgan tumanlar «qizil», oʻrtachasi «sariq» va rivojlangani «yashil» deb baholanmoqda. Ayni damlarda ayollar rahbarlik qilayotgan tumanlarning «yashil» hududga chiqib olishi ayollarning erkaklardan qolishmasligi, oʻz ishini eplay olayotganligining isboti boʻlib boʻy koʻrsatayotir.
2020 yil 29 dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning oʻrni va mavqeini yanada mustahkamlash islohotlarimizning eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanligiga eʼtibor qaratdi. Jumladan, xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi oʻrni va nufuzini oshirish ularga yangi imkoniyatlar yaratish boʻyicha navbatdagi qadam sifatida hayotni va ayollar muammolarini yaxshi biladigan, faol va tashabbuskor ayollardan iborat Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashini tashkil etish taklifini bildirdi. Shuningdek, Murojaatnomada ayollarning biznes sohasidagi loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, joylarda xotin-qizlarni tadbirkorlikka oʻqitish, biznesga oid namunaviy rejalarini ishlab chiqish va kredit olishda ularga amaliy yordam koʻrsatishning yangi tizimi joriy etilishi borasidagi tavsiyalar berildi. Mazkur tavsiyalarning ijrosi yurtimiz xotin-qizlarining faoliyat maydonidagi imkonlariga keng yoʻl ochdi. Soʻnggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning qoʻllab-quvvatlash va ularning gʻoyalarini yuzaga chiqarish yoʻlidagi yaratilgan huquqiy asoslar, yangi tuzilmalar BMTning inson huquqlari boʻyicha idoralarining tavsiyalariga asoslangani holda yaxlit mexanizmga aylandi.
AQSH Davlat kotibi yordamchisi, Davlat departamentining Ayollar global muammolari boʻyicha ofisi rahbari, Maxsus topshiriqlar boʻyicha elchi Kelli Kyurri Oʻzbekiston hukumati tomonidan gender tengligini taʼminlash, ayollarni mamlakat jamoat va siyosiy hayotiga keng jalb qilishni ragʻbatlantirish borasida olib borilayotgan amaliy ishlarni yuqori baholadi.
Elchi joriy yil 9 yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi aʼzosi, Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi oʻrinbosari Saida Mirziyoyeva bilan uchrashuvi doirasida Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasida ayollarning huquq va imkoniyatlarini mustahkamlashga doir keng koʻlamli masalalar, shuningdek, ushbu sohada hamkorlikda amalga oshirilishi koʻzda tutilayotgan loyihalarni muhokama qildi. Bu ham mazkur yoʻnalishdagi amaliy ishlar koʻlami kengayib borishidan bir nishonadir.
Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar tufayli faol, fidoyi onalarimiz, opa-singillarimiz shu aziz Vatan taraqqiyoti, ravnaqi yoʻlida qaygʻurib, yoniq qalbidagi tashabbuslari roʻyobiga shaylanib, katta faoliyat maydoniga kirib kelayapti. Bu istiqbolda oʻzining samarasini beradi.
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,
«Postda» muxbiri.
