Navroʻzni bejizga mehr-saxovat ayyomi deyishmagan. Qadimdan yoshlar Navroʻz kunlari bahor daragini berish uchun keksalar istiqboliga shoshganlar. Sovgʻa-salomlar ulashib, ularning koʻngillarini koʻtarishgan.

Bu yilgi Navroʻz bayramida ham Navoiy viloyati IIB boshligʻi hamda Navbahor tumani hokimi boshchiligidagi saxovat guruhi nuroniylar holidan xabar olishdi. Sahovat guruhi tarkibida nafaqat mutasaddi tashkilotlar, balki jamoatchilik vakillari ham bor edi.

Ular dastlab tumanning «Koʻxron» mahallasida istiqomat qiluvchi Bafo bobo Bahromov xonadonida boʻlishdi. Soʻng "Qalqonota" mahallasida yashovchi Hasan bobo Haydarov va "Yaltirabod" mahallasida istiqomat qiluvchi 106 yoshli Moʻmina momo Gʻanievani yoʻqlashdi. Bayram munosabati bilan ularga oziq-ovqat mahsulotlari hamda qimmatbaho sovgʻalar taqdim etildi. Piru badavlat otaxonu onaxonlar yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga farovonlik tilab duo qilishdi. Illo, shu qutlugʻ kunlarda keksalarning chin dildan qilgan duolari mustajob boʻlgay.

Mahliyo XOLOVA,

“Postda” muxbiri.

Navoiy viloyati.