Ayni hamma ishdan, oʻqishdan qaytayotgan tigʻiz payt edi. Metroning «Beruniy» bekatidan chiqib, Ibn Sino mavzesiga borish uchun avtobus kutib turgandim. Avtomashinalarning keti uzilmasdi. Bir qiz yer osti yoʻlagi turib, koʻchaning narigi tarafiga harakat qatnov qismidan oʻtishga chogʻlandi. YPX inspektori uni toʻxtatib, tanbeh berdi. Qiz esa nariroqqa ketib, baribir serqatnov koʻchani kesib oʻtdi.
Qiz serqatnov yoʻlning narigi betiga oʻtib olgunicha, necha marta haydovchilarning tormoz bosgani, signal bergani eshitildi. Ularning yoshrogʻi qizni soʻkib, keksarogʻi qargʻagani aniq. Faqat soʻkinish-u qargʻishlar mashinalar shovqinida eshitilmadi.
Mabodo, shu topda qizga dashnom bersangiz, qayoqqadir shoshib turganini bahona qilishi tayin. Endi aytingchi, kechki payt ishdan, oʻqishdan qaytayotganlarning qay biri uyiga tomon oshiqmaydi? Umuman, bu tezkor zamonda shoshilmaydigan odamning oʻzi bormikan? Faqat, baraka topkurlar, xoh mashinada boʻlsin, xoh piyoda yoʻllarda harakatlanayotgan payti shoshmanglar. Oʻzingizni oʻylamasangiz ham, oʻzgalarning sogʻligʻini, hayotini xatarga qoʻymang.
Afsuski, ana shunday vaziyatlarda qoidabuzar piyodani urib yuborsa, koʻpincha haydovchi aybdor hisoblanadi. Menimcha, bu kabi koʻngilsizliklarning oldini olish uchun yer osti yoʻlagi yoki piyodalar oʻtish joyi turib, yoʻlning belgilanmagan qismidan kesib oʻtuvchi piyodalarni yuzxotir qilib oʻtirmay maʼmuriy javobgarlikka tortish kerak.
Toʻgʻri, haydovchilar orasida ham shoshqaloqlar uchrab turadi. Ular lip etib yonida harakatlanib borayotgan mashinaning oldiga chiqib oladi. Buning uchun avval ancha ilgarilab ketish, keyin orqa yon chiroqni yoqish kerakligini xayoliga ham keltirmaydi.
Shoshqaloq haydovchilarning yana bir toifasi orqaga burilish joylarida yoki ikkinchi darajali yoʻldan asosiy yoʻlga chiqishda harakatlanish boʻlagi (polasasi)ning naq yarmini egallab oladi. Ayrimlari boshqa mashina katta tezlikda kelayotganiga qaramay zip etib burilib oladi. Qarabsizki, avariya vaziyatini yuzaga keltiradi.
Xulosa shuki, yaxshilik qilishga, xatoingizni tuzatishga shoshiling. Lekin yoʻlovchi, piyoda, ayniqsa, haydovchi sifatida shoshilmang. Keksalar aytmoqchi, tez borgan joyga sekinroq ham borasiz. Besh daqiqa oldinmas, besh daqiqa keyin. Yuzda yurmang, yuzga kiring. Yoʻlingiz bexatar, umringiz ziyoda boʻlsin.
Bobomurod TOSHEV,
oʻz muxbirimiz.
