Ichki ishlar vazirligi Kasbiy tayyorgarlik boshqarmasi Oʻquv dala markazida vazirlik Malaka oshirish instituti oʻquv yigʻini tinglovchilari ishtirokida «Korrupsiya – jamiyat taraqqiyotiga jiddiy toʻsiq» mavzusida IIV Akademiyasi professori, iqtisod fanlari nomzodi, polkovnik Sh. Qobilov bilan uchrashuv tashkil etildi.
Sh. Qobilov oʻz nutqi avvalida mamlakat aholisining 64 foizini tashkil qiluvchi yoshlar Yangi Oʻzbekiston qurish yoʻlida real kuchga aylanganligini taʼkidlab, Prezident Shavkat Mirziyoev taʼbiri bilan aytganda «jamiyatning katta xazinasi boʻlmish azmu shijoatga boy, vatanparvar yosh kadrlar davlat taraqqiyotining asosi ekanligi»ni taʼkidlab oʻtdi.
Maʼruzachining soʻzlariga koʻra, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning preventiv yoʻlidan borish maqsadida taʼlim, tibbiyot, qurilish kabi sohalarni korrupsiyadan holi sohaga aylantirish, korrupsiyasiz taʼlim, korrupsiyasiz tibbiyotni joriy qilish strategiyalari ishlab chiqilib, bu borada izchil faoliyat olib borilmoqda.
Yuqoridagi fikrlarini yakunlar ekan, Sh. Qobilov tinglovchilarni kelajakdagi faoliyatlarida oʻzbek maʼrifatparvari, jadidchilik vakillaridan biri Abdulla Qodiriyning «Mening vijdonim – mening mezonimdir. Mening kelajagim – uning qoʻlida. Demak, mening kelajagim ishonchli qoʻllardadir» degan hikmatli soʻziga amal qilish zarur ekanligini taʼkidladi. Tadbir soʻngida professor Sh. Qobilov oʻzining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasiga oid kitoblarini faol tinglovchilarga sovgʻa sifatida taqdim qildi.
Aziza Joniyeva.
