Bu kurash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilab qoʻyilganligi hamda soʻnggi olti yilda mamlakatimizda tubdan amalga oshirilayotgan islohotlar va taraqqiyotimizning kushandasi boʻlgan korrupsiyaga qarshi izchil kurash boshlanganligidan dalolatdir.

Yangi Oʻzbekiston strategiyasining maqsadi korrupsiyadan xoli mamlakat barpo etish boʻlganligi jamiyati­mizni jipslashtiruvchi omilga aylanmoqda. Bu sohada ham jahonning ilgʻor tajribasi keng qoʻllanilayotganligining shohidi boʻlmoqdamiz. Masalan, raqamli texnologiyalardan davlat xizmatlarida, shuningdek, korrupsiyaning oldini olishda ham muvaffaqiyatli qoʻllanilayotganligi, uning profilaktikasini kuchaytirishga qaratilgan mexa­nizmlar tobora rivojlanayotganligi va joriy etilayotganligi fikrimizning dalilidir. 

Ayniqsa, BMTning Taraqqiyot dasturi bilan yaqin hamkorlikda korrupsiyaga qarshi kura­shish ishlarining samaradorligini rey­ting baholash tizimini joriy etish boʻyicha qator tadbirlar amalga oshiril­moqda. Masalan, joriy yilda Korrupsiyaga qarshi kura­shish agentligi nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda oʻtkazgan treninglar va malaka oshirish kurslarida 220 dan ortiq masʼul davlat xizmatchilarining malakasi oshirildi va ular xalqaro andazadagi standart sertifikatlarga ega boʻldi, 400 dan ortiq ichki nazorat tuzilmalari xodimlarining ham malakasi oshirildi, uslubiy qoʻllanmalar yaratildi. Natijada 19 ta davlat tashkiloti, 1ta tijorat banki korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimi boʻyicha xalqaro standart sertifikatiga ega boʻldi. 

Taʼkidlash joizki, mazkur sertifikat mamlakatning xalqaro reytinglarida ustuvor ahamiyat kasb etib, uning investitsion jozibadorligini va investorlar kirib kelishini taʼminlaydigan muhim omillardan hisoblanadi. 

Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi BMTning Oʻzbekistondagi Taraqqiyot dasturining qoʻshma tashabbusi bilan «Oʻzbekistonda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rolini oshirish uchun fuqarolik makonini, ayollar va yoshlar ovozini mustahkamlash» loyi­hasi muvaffaqiyatli amalga oshiril­moqda.

Ushbu loyihaning asosiy maqsadlaridan biri fuqarolik institutlari, ayollar, nodavlat, notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy hamjamiyatlardan iborat korrupsiyaga qarshi fuqarolik makonini yaratish orqali jamiyatda halollikka boʻlgan ta­labni shakllantirishdan iborat. 

Maʼlumki, mamlakatimiz aholisining yarmidan koʻpini yoshlar tashkil etadi. Aynan yoshlarda korrupsiyaga qarshi nafrat va toqatsizlik uygʻotish maqsadida ushbu xalqaro loyihada halollikni targʻib etish va ularning ongiga singdirish maqsadida joriy yil 28-iyun kuni «Yoshlar halolligi kuni» tadbiri tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 

14-iyundagi «Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoniga binoan, davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik boʻyicha amalga oshi­rilayotgan ishlarning samaradorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi joriy etildi, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish va baholash boʻyicha metodika tasdiqlandi. Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash elektron platformasi va baholash tizimi ishlab chiqildi. 

Davlatimiz rahbarining «Yangi Oʻzbekiston strategiyasi» kitobida korrupsiyaga qarshi kurashda siyosiy arboblar va davlat xizmatchila­rining mablagʻlari va mol-mulklari haqidagi maʼlumotlarni ochiqlashtirish va deklarat­siya tizimini joriy etish, har yili bu boradagi maʼlumotlarni eʼlon qilish, davlat xaridlarini amalga oshirishda manfaatlar toʻqnashuvini aniqlash hamda ularning oldini olish mexanizmlarini kuchaytirish maqsadida «Davlat xaridlari toʻgʻrisida»gi qonunni, elektron xaridlar tizimini takomillashtirish vazifasi qoʻyilgan. «Korrupsiyaga qarshi kura­shish toʻgʻrisida»gi qonunning «Manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish va uni bartaraf etishga doir chora-tadbirlar» deb nomlangan 21-moddasida davlat organlari xodimlari mansab yoki xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida manfaatlar toʻqnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin boʻlgan shaxsiy manfaatdorlikka yoʻl qoʻyilmasligi va bunday hollarda xodimlar oʻzining bevosita rahbarini xabardor qilishi lozimligi, oʻz navbatida, bevosita rahbar bu toʻqnashuvning oldini olish choralarini koʻrishi shartligi qonunan belgilangan. 

Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, jumladan, ichki ishlar organlari xodimlari jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimi­ning samaradorligini oshirish, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boʻyicha huquqiy va tashkiliy-amaliy choralarni kuchaytirish, qonunchilikdagi jazoni ogʻirlashtirish yoki yengillash­tirishga oid normalarni qoʻllash jarayonidagi inson omilini bartaraf etishga erishishlari zarur­ligi belgilangan.

Aholining barcha qatlamlari orasida korrupsiyaning barcha shakllari va koʻri­nishlariga murosasiz muno­sabatni shakllantirish masalasi ham dolzarb vazifa boʻlib, bu muhim sohaga xodimlarning yangicha yondashuvlari talab qilinadi. Bunga erishish uchun esa izlanish va doim oʻz malakasini oshirib borish, jamiyatda kechayotgan jara­yonlarni tahlil qilish, fikrlash koʻnikmalarini shakllantirish ham zarurdir.

Bir soʻz bilan aytganda, korrupsiyaning har qanday koʻrinishi va holatlariga barham berish taraqqiyotimiz kafolatidir.


Shuhrat Gʻoyibnazarov, 

siyosiy fanlar doktori, professor, 

isteʼfodagi polkovnik.