Ijtimoiy hayotda korrupsiya domiga tushib, oyogʻi qoqilayotganlar oz emas. Qadimgi dunyoda baʼzi qabilalarda muayyan mavqega ega boʻlish uchun uning sardoriga turli sovgʻa-salom berish odatidan korrupsiyaning ildizlari boshlangan ekan. Mashhur faylasuf Tomas Gobbsning «Korrupsiya – davrlar osha oʻsib kelayotgan ildiz boʻlib, u har xil orzu-havaslar ortidan qonunlarni mensimaslikdir», degan soʻzlari ham bu jirkanch illatning naqadar qadimiy ekanligini tasdiqlaydi.
Jahonda globallashuv jarayonlarining tobora rivojlanishi sababli davlat va nodavlat sektorida korrupsiyaning zamonaviy va yashirin koʻrinishlari yuzaga kelmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, hozirda uning dunyo miqyosidagi zarari yiliga 3 trillion AQSH dollariga yaqin miqdorni tashkil etadi. Mazkur illat yalpi ichki mahsulotning 5 foizdan ortigʻini tashkil etsa, har yili global miqyosda korrupsiya tufayli davlat xaridlari fondlarining 25 foizgacha qismi yoʻqotiladi.
Hozirgi paytda respublikamizda ham bu illatga qarshi kurashish doirasida bir qator dasturlar qabul qilindi va ular boʻyicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda soʻnggi yillardagi korrupsiyaga qarshi kurashishni tartibga solishga qaratilgan huquqiy asoslar sifatida «Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida»gi, «Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida»gi, «Davlat xaridlari toʻgʻrisida»gi, «Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida»gi qonunlarni alohida qayd etish oʻrinlidir. Yurtimizda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan muhim preventiv mexanizmlar yaratilganligi, davlat boshqaruvida byurokratiyani kamaytirish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, davlat xizmatlarini koʻrsatish sifatini yaxshilash, raqamlashtirish orqali inson omilini kamaytirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha davlat siyosatining muhim elementlari boʻlib xizmat qilmoqda. Poytaxtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi saʼy-harakatlarni ifodalovchi monument ham ochilgan boʻlib, kafti ochiq qoʻl koʻrinishidagi ushbu kompozitsiya halollik, korrupsiyaga nisbatan toqatsizlikni, butun dunyoni unga qarshi kurashishda birlashishga daʼvatni anglatadi.
Singapurda Korrupsiyaviy faoliyatni tergov qilish byurosining asosiy vazifasi ham davlat tashkilotlarida, ham xususiy sektorda korrupsiya bilan bogʻliq jinoyatlarning oldini olish va tergov qilishdan iborat. Uning asosiy funksiyalari sifatida korrupsiyaga oid shikoyatlarni qabul qilish va tekshirish, davlat organlari mansabdor shaxslari tomonidan sodir etilgan korrupsiyaga oid qonunga xilof xatti-harakatlar va mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilish holatlarini tekshirish, davlat organlari faoliyatini tahlil qilgan holda, ulardagi korrupsion harakatlarni minimumga tushirish belgilangan.
Shu oʻrinda aytish kerakki, Oʻzbekiston korrupsiyaga qarshi kurashishda oʻz maqsadlariga ega. Xususan, «Oʻzbekiston — 2030» strategiyasida ham korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha alohida maqsad belgilangan. Xususan, 89-maqsad — korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish tizimining samaradorligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish ishlarini jadal davom ettirish sifatida belgilandi.
Umuman olganda, korrupsiya davlat organlari faoliyatiga putur yetkazadi, iqtisodiy tushkunlikni keltirib chiqaradi, aholining davlat hokimiyati boshqaruv organlariga boʻlgan ishonchini yoʻqotadi, taraqqiyotni sekinlashtiradi. Shuning uchun ham ushbu illatga qarshi kurashish barchamizning asosiy vazifamizga aylanishi lozim. Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha davlat siyosatini amalga oshirishda eng muhim vazifalardan biri, jamiyat ongini tubdan oʻzgartirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda boʻlish muhitini shakllantirishdir.
Keyingi vaqtlarda respublikamizda nodavlat notijorat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashdagi oʻrni va roli tobora ortib bormoqda. Shu nuqtayi nazardan, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini yanada rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamiyatning taraqqiy etishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimiz aholisining 60 foizidan koʻprogʻini tashkil etuvchi yoshlarning korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha faolligini oshirish jamiyat oldida turgan muammoni hal qilishning kalitidir. Korrupsiyaning oldini olish va halollikni yoshlar orasida izchil targʻib qilishda taʼlim muassasalari katta ahamiyatga ega. Shuning uchun bolalar va yoshlarga halollik va qonun ustuvorligi kabi tushunchalarni har tomonlama singdirish muhim masalalardandir.
Shu oʻrinda yana bir jihatni keltirish joiz, fuqarolarimiz faolligi kuzatilmasa, korrupsiya huquqbuzarliklari, tamagirlik kabi holatlar haqida tegishli davlat idoralari vaqtida ogohlantirib borilmasa, ushbu illatdan butunlay qutulishning iloji yoʻq. Ayrim gʻaraz maqsadga ega shaxslarning bu kabi illatga qoʻl urishi natijasida halol va oʻz mehnat faoliyatiga sodiqlik bilan sidqidildan xizmat qilib kelayotgan xodimlarning ham nomiga dogʻ tushishi achinarli holatlardan yana biridir.
Har qanday koʻrinishdagi korrupsiya holatlarining sodir etilishi, ularning koʻpayishi va oʻz vaqtida barham berilmasligiga oʻzimizning befarqligimiz, loqaydligimiz ham qaysidir maʼnoda sabab boʻlib qolishi hech gap emas. Har bir fuqaro korrupsiya jinoyatlariga guvoh boʻlganida bunday holat haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga darhol xabar berishi lozim.
Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisida axborot berayotgan shaxslarning davlat himoyasida boʻlishi kafolatlangan hamda bu toʻgʻrisida axborot berayotgan shaxslarni taʼqib etish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻlishi belgilangan.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash kerakki, barchamiz bu illatga qarshi bir yoqadan bosh chiqarib, yakdillikda kurashsakgina, har bir sohada salmoqli natijalar tomon dadil odimlaymiz. Zero, korrupsiyaga qarshi kurashish – davlat va jamiyat yangilanishida muhim omildir!
Abror POYONOV,
oʻz muxbirimiz.
