Ichki ishlar vazirligining Xorazm akademik litseyida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Besh tashabbusi doirasida oʻquvchilarning jismoniy tayyorgarligi va bilim koʻnikmalarini sinovdan oʻtkazish maqsadida “Jaloliddin izdoshlari” harbiy-sport musobaqalari, “Kompyuter dasturchisi bilimdoni”, “Eng yaxshi kitobxon” tanlovlari hamda “Bilimdon” intellektual oʻyinlari doimiy ravishda oʻtkazib borilmoqda.
Yaqinda akademik litseyida oʻquvchilarning bilim koʻnikmasini sinovdan oʻtkazish maqsadida “Zakovat” breyn-ring intellektual oʻyinlari oʻtkazildi. Bunda Xorazm viloyati “Zakovat” klubi koordinatori Azamat Matkarimov hamda “Zakovat” klubi aʼzosi Jaloliddin Tojievlar hakamlik qilishdi. Klub aʼzolarining bilimdonlik mahorati oʻquvchilarda katta qiziqish uygʻotdi. Musobaqaning final bosqichiga chiqish “Xorazmshohlar” hamda “Lider” jamoalariga nasib etdi. Yakuniy bellashuvda “Zakovat” breyn-ring oʻyinlarining litsey birinchiligida “Lider” jamoasi mutloq gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.
-Litseyimizda iqtidorli oʻquvchilar koʻpchilikni tashkil etadi,-deydi akademik litseyning Yoshlar ittifoqi etakchisi Rustam Boltaev.-Ushbu intellektual ringda bunga yana bir bor amin boʻldik. Eng bilimdon, zukko va zehnli oʻquvchilar jamoasi peshqadam boʻldi.
Gʻolib jamoa “8 dekabri-Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyasi” qabul qilinganining 29 yilligi munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi taʼlim muassasalari oʻrtasida boʻlib oʻtadigan “Zakovat” breyn-ring oʻyinlarining respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi.
Elyorbek MATYOQUBOV,
IIV Xorazm akademik litseyi oʻquv
boʻlimi mudiri.
