Yurtimizdagi barcha soha vakillari qatori, ichki ishlar organlari xodimlarining maʼnaviy salohiyatini yuksaltirish yoʻlida vazirlik tomonidan koʻplab ishlar amalga oshirib kelinmoqda. IIV Madaniyat saroyida tashkil etilgan “Sogʻlom turmush tarzi” hamda “Maʼnaviyat oyligi” doirasida shoir va yozuvchilar bilan uchrashuv” mavzularidagi maʼnaviyat va maʼrifat darsi buning yaqqol tasdigʻidir.
Tadbir avvalida soʻzga chiqqan Respublika tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi dosenti Nozima Fayzieva jamiyatda sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish, fuqarolarni sogʻlomlashtirish ayni paytdagi eng muhim masalalardan biri ekanligini taʼkidladi. Shuningdek, mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga davlat miqyosida ahamiyat qaratilayotgani esa yuqoridagi ishlarning mantiqiy davomi ekaniligini qayd etdi.
Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir Shukur Qurbon oʻz qalamiga mansub ona Vatan, mehr-muhabbat va sadoqatni tarannum etuvchi sheʼrlaridan namunalar oʻqib berdi. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Azim Mullaxonov tomonidan ijro etilgan dilbar taronalar esa tadbirga yanada fayz bagʻishladi.
– Osoyishtaligimiz posbonlarining dunyoqarashini oshirish maqsadida oʻtkazilgan ushbu tadbir menga juda maʼqul keldi, – deydi IIV Tashkiliy departamenti Navbatchilik xizmatlarini tashkil etish boshqarmasining muhim topshiriqlar boʻyicha inspektori, podpolkovnik Sherzod Saidov. – Boisi, maʼnaviyatimizni kengaytirish bilan birgalikda, madaniy hordiq ham chiqarish imkoniga ega boʻldik.
Mixli SAFAROV,
“Postda” muxbiri.
Hikmatilla OLIMJONOV olgan suratlar.
