Madhiyamiz – tinchligimiz timsoli. U bizni yurtimiz taraqqiyoti va ravnaqi yoʻlida birlashtirib, ona Vatanimizni hamisha koʻz qorachigʻiday asrashga, buyuk ajdodlarimizga munosib voris boʻlishga daʼvat etib turadi.
Bugun poytaxtimizdagi muhtasham «Xalqlar doʻstligi» sanʼat saroyi maydonida Oʻzbekiston Respublikasi davlat madhiyasi qabul qilinganining 29 yilligi munosabati bilan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tashabbusi bilan «Ulugʻ xalq qudrati joʻsh urgan zamon» shiori ostida tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.
Unda olimlar, shoir va yozuvchilar, sanʼat va madaniyat namoyandalari, professional xor jamoalari, Ichki ishlar va Mudofaa vazirliklari hamda Milliy gvardiyaning harbiy orkestrlari, akademik litseylar oʻquvchilari, kursantlar va jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millat vakillari ishtirok etdi.
Tantanali tadbirni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo ochib, bugungi tarixiy sana bilan yurtdoshlarimizni muborakbod etarkan, davlat ramzlari, xususan madhiyamizning hayotimizdagi oʻrni haqida atroflicha toʻxtalib oʻtdi.
Bayram tadbirida «Mening farzandim – Oʻzbekiston faxri!» aktsiyasi doirasida faol yoshlar va ularning ota-onalari ragʻbatlantirildi. Shuningdek, «Vatanim madhiyasini kuylayman!» tanlovi gʻoliblari ham eʼlon qilindi. Tanlov natijalariga koʻra, Ichki ishlar vazirligi jamoasi faxrli birinchi oʻringa sazovor boʻldi. Keyingi oʻrinlarni poytaxtimizdagi 13060-sonli harbiy qism va Chilonzor tumanidagi 135-maktab jamoasi egalladi. Gʻolib jamoalarga tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovgʻalar berildi.
Ichki ishlar vazirligi va boshqa huquq-tartibot organlari jamoalarining koʻrgazmali chiqishlari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, taniqli estrada xonandalari ijrosidagi kontsert dasturi ham barchaga manzur boʻldi.
Sherzod ABDUSAMADOV,
«Postda» muxbiri.
