Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

(Tokio-2020 Paralimpiya oʻyinlarida yurtimiz vakillarining erishgan yutuqlari toʻgʻrisida)

Joriy yilning 7-sentabr kuni Tokio–2020 Paralimpiya oʻyinlarida ishtirok etgan yurtdoshlarimiz Toshkent xalqaro aeroportida bamisoli qahramonlardek zoʻr tantana bilan kutib olingani, ularga zar choponlar kiydirilgani xuddi kechagidek yodimizda. Oʻsha kunning oʻzidayoq «Yangi Oʻzbekiston» bogʻida Paralimpiya gʻoliblari va sovrindorlarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Ularga Prezident sovgʻalari boʻlgan pul mukofotlari, avtomobillar va yangi xonadonlar kalitlarini Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov hamda Bosh vazir Abdulla Aripov topshirishdi.

Ha, paralimpiyachilarimiz chinakamiga qahramonlar edi. Chunki, Tokioda boʻlib oʻtgan murosasiz bahslarda ular 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza medalni qoʻlga kiritishdi. Yurtdoshlarimiz Paralimpiya yakunlariga koʻra, umumjamoa hisobida 162 mamlakat oʻrtasida 16-oʻrinni egalladi. Oʻzbekiston Osiyo hamda MDH davlatlari oʻrtasida toʻrtinchi, turkiy davlatlar oʻrtasida ikkinchi, Markaziy Osiyoda esa birinchi oʻrin sohibi boʻldi. Bu haqiqiy qahramonlik emasmi?!

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanyapti. Xususan, ular orasida Paralimpiya harakatini yanada rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ushbu toifadagi sportchilarimizning xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik koʻrishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan. Bunday gʻamxoʻrlik oʻz natijasini berayotganiga Tokio–2020 Paralimpiya oʻyinlari chogʻida barchamiz guvoh boʻldik.

Sportchilarimizning tarixiy yutuqlarni qoʻlga kiritishida ularning murabbiylari ham ulkan hissa qoʻshganini eʼtirof etish joiz. Ular shogirdlariga mahorat sirlarini erinmasdan, sabr-toqat bilan oʻrgatgani oʻz mevasini berdi. Ayni paytda, tinimsiz mashqlar paralimpiyachilari­mizdan qanchalik mustahkam sabot, matonat talab qilganini ham alohida taʼkidlash kerak. Ular kuchli raqiblarga qarshi maydonga tushganida, holdan toyganida, baʼzan hal qiluvchi eng soʻnggi lahzalarda ana shu sabot, matonat, Vataniga boʻlgan muhabbat, xalqimizning umid bilan koʻz tikib turgani, ruhan qoʻllab-quvvatlagani, yurtboshimizning otalarcha mehri, gʻamxoʻrliklari vakillarimizga gʻalaba qozonishi uchun kuch bergan boʻlsa, ne ajab.

Zero, XVI Paralimpiya oʻyinlarining parataekvando boʻyicha oltin medal sohibasi Guljanoy Naimova gazetamizda chop etilgan suhbatida «Uchinchi, ikkinchi va nihoyat birinchi oʻrinni eʼlon qilishdi: Oʻzbekis­ton, Naimova Guljanoy! Bilasizmi, Oʻzbekiston degan chaqiriq butun vujudimga titroq soldi. Xursandchilikdan oʻzimni yoʻqotib qoʻyayozdim. Ishonasizmi, koʻz yoshla­rimni tiya olmasdim...», deb bejiz aytgani yoʻq.

Bu hayotda toʻrt muchasi sogʻ boʻla turib, oʻz oʻrnini topa olmayotgan, ota-onasiga boqimanda boʻlayotgan, hatto jinoyat koʻchasiga kirib qolayotgan yoshlar ham bor. Davlatimiz rahbari joriy yilning 10-sentabr kuni paralimpiyachilari­miz bilan boʻlgan uchrashuv­da ana shundaylarni nazarda tutib: «Afsuski, hozirgi vaqtda yoshlar orasida hayot­da ozgina toʻsiq yoki qiyinchilikka uchrasa, oʻzini yoʻqotib, umidsiz­likka tushib qoladigan, qingʻir yoʻllarga kirib ke­tadigan yigit-qizlar ham yoʻq emas. Sizlar yoshlar bilan uchrashib, oʻz hayotingiz, mashaqqatli yoʻlingiz, qiyinchiliklarni qanday yengib oʻtayotganingiz haqida soʻzlab bersangiz, ular, albatta, sizlarga ergashadi», – dedi.

 Mazkur uchrashuvda Yurtboshimiz para-sport boʻyicha yuqori natijalarga erishgan sportchi va murabbiylarni keng jalb etgan holda, Milliy paralimpiya qoʻmitasi tarkibida «Matonat maktabi»ni tashkil etish taklifini bildirdi. Ushbu maktabda tahsil oluvchilarga paralimpiyachilarimiz mahorat bobida ham, matonat bobida ham saboq bera olishlari, shubhasiz. Qolaversa, ular Tokioda boshqa mamlakatlarning mana man degan paralimpiyachilarini magʻlub etib, oʻzlarining nimalarga qodirligini koʻrsa­tib, mahorat, matonat darsini oʻtdilar, desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi.

Yana bir muqoyasa keltirsam, hech kim koʻngliga olmaydi, deb umid qilaman. Oramizda ancha-muncha odamlar ertalabki badantarbiya mashqlarini bajarishga ham hafsala qilmaydi. Trenajyor zaliga yoki sport-sogʻlomlashtirish majmuasiga borib, biror sport turi bilan shugʻullanishni-ku, gapirmay qoʻya qolay. Paralimpiyachilarimiz esa dzyudo, nayza uloqtirish, disk uloqtirish, yadro uloqti­rish, taekvando, uzunlikka sakrash, pauerlifting, batterflay usulida suzish, kompleks suzish kabi sport turlari boʻyicha medallarni qoʻlga kiritishdi. Bu chinakamiga mahorat, jasorat emasmi?!

Uchrashuv chogʻida Prezi­dentimiz erishilgan natijalarni mustahkamlab, yanada koʻproq yutuqlarni qoʻlga kiritish uchun 2024-yilda Parijda boʻladigan Paralimpiya oʻyinlariga hozirdanoq aniq tizim asosida tayyorgarlik koʻrish zarur­ligini taʼkidladi. Bu boradagi muhim vazifalar belgilab berildi. Yurtboshimiz paralimpiyachilar yurtimiz sportining shonli anʼanalarini munosib davom ettirib, kelgusida boʻlib oʻtadigan eng nufuzli musobaqalarda Yangi Oʻzbekiston bayrogʻini baland koʻtarib, muvaffaqiyatli ishtirok etishiga ishonch bildirdi. Davlatimiz rahbarining yuksak ishonchi sportchilarimizni yangidan yangi gʻalabalar sari ruhlantirishi, shubhasiz.

 

Bobomurod TOSHEV,

«Postda» muxbiri.