“Serquyosh” soʻzi jaranglashi bilan butun vujudimiz cheksiz gʻurur va iftixorga burkanadi. Chunki, jannatmonand yurtimizning koʻrku-tarovati, mehnatkash xalqimizning orzu-intilishlari, dunyo hamjamiyatida kun sayin rivojlanib borayotgan jonajon Vatanimizning obroʻ-eʼtibori hamda ertangi kunimiz egalari boʻlmish yosh avlodning azmu shijoati namoyon boʻladi.
Shu boisdan, davlatimiz madhiyasi qabul qilinganligining 29 yilligi respublikamizning barcha joylarida keng nishonlanib, turli uchrashuv va bayram kechalari tashkil etilmoqda. Ana shunday maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlardan biri bugun “Ulugʻ xalq qudrati joʻsh urgan zamon” shiori ostida IIV Madaniyat saroyida ham boʻlib oʻtdi.
Unda soʻz olgan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, falsafa fanlari doktori, professor Sayyora Toʻychiyeva xalqimizning mangu qoʻshigʻi boʻlgan madhiyamiz tinchlik-osoyishtaligimiz timsoli ekanligi, u bizni mamlakatimiz ravnaqi yoʻlida birlashtirib, buyuk ajdodlarimizga munosib voris boʻlishga daʼvat etishini taʼkidladi. Shuningdek notiq madhiyamiz mualiflari Oʻzbekiston Xalq shoiri Abdulla Oripov hamda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi, bastakor Mutavakkil Burxonovning hayoti va ijodiga ham atroflicha toʻxtalib oʻtdi.
“Farzand tarbiyasi va taʼlimi eng muhim vazifa” mavzusida soʻzga chiqqan Respublika taʼlim markazi rahbari Shuhrat Sattorov oʻz maʼruzasida bugungi kunda kelajagimizning davomchilari boʻlmish yoshlarni tarbiyalashda davlatimiz tomonidan koʻplab ishlar amalga oshirilayotganligi, ularning har tomonlama barkamol insonlar boʻlib ulgʻayishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilayotgani, shuningdek, farzandlar tarbiyasida ota-onalarning ham muhim oʻrni borligini alohida qayd etdi.
– Jamiyatimiz taraqqiyoti yoʻlidagi muhim masalalarga bagʻishlangan bugungi tadbir menda katta taassurot qoldirdi, – deydi IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti bosh inspektori, kapitan Joʻrabek Nazarov. – Shu boisdan, bu kabi tadbirlarni muntazam oʻtkazib borish maqsadga muvofiq deb oʻylayman.
Mixli SAFAROV,
“Postda” muxbiri.
