Dunyo tamadduniga munosib hissa qoʻshgan shaxslardan biri isteʼdodli shoir, taniqli davlat va jamoat arbobi Zahiriddin Muhammad Boburdir. Shu munosabat bilan bugun IIV Madaniyat saroyida ulugʻ ajdodimiz tavalludining 539 yilligiga bagʻishlab, “Boburnoma – memuar asar” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy kecha boʻlib oʻtdi.

Vazirlik markaziy apparati xodimlari hamda taklif etilgan mehmonlar ishtirok etgan ushbu tadbir avvalida soʻz olgan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoir Bobur Bobomurod mazkur asar haqida fikr yuritar ekan, uning tarixiy va adabiy qiymatga egaligini alohida taʼkidladi. Xususan, unda Bobur yashab oʻtgan davrda Markaziy Osiyodan Hindistongacha boʻlgan masofada deyarli yarim asr davomida roʻy bergan voqealar haqqoniy ifodasini topganligiga batafsil toʻxtaldi. Shuningdek, notiq oʻzi va buyuk bobokalonimiz qalamiga mansub ijod namunalaridan keltirdi.

Shundan soʻng soʻzga chiqqan Muqimiy nomidagi Oʻzbek davlat musiqali teatri aktyori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Hamid Toʻxtayev ham Zahiriddin Muhammad Boburning hayot va ijod yoʻli, uning dunyo tarixida tutgan oʻrni haqida fikr yuritib, Oʻzbekiston xalq shoiri Xurshid Davron asari asosida sahnalashtirilgan “Bobur sogʻinchi” nomli spektakldan parcha ijro etdi.

Shaxsiy tarkibning maʼnaviy salohiyatini mustahkamlash, ularning buyuk ajdodlarimizga boʻlgan hurmat-eʼtiborini yanada oshirish maqsadida tashkil etilgan mazkur tadbir yakunida Oʻzbekiston xalq artisti Zamira Suyunova hamda IIV Madaniyat saroyi Ashula va raqs ansambli xonandalari tomonidan Bobur gʻazallari asosida kuylangan dilbar taronalar barchaning qalbidan chuqur joy oldi.

Mixli SAFAROV,

“Postda” muxbiri.