Bugun IIV Madaniyat saroyida vazirlik markaziy apparati xodimlari bilan navbatdagi Maʼnaviyat va maʼrifat darsi oʻtkazildi. “Salomatlik – bebaho neʼmat” hamda “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari!” mavzularida tashkil etilgan ushbu tadbirni IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti boshligʻining oʻrinbosari, polkovnik Hamza Maxsumov ochib, mazkur masalalarning jamiyatimiz taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

Tadbirda soʻz olgan IIV Markaziy poliklinikasi boshligʻi, polkovnik Feruza Zokirova soʻnggi yillarda yurtimizda sogʻliqni saqlash sohasini isloh qilish, tibbiy xizmat koʻrsatish sifati va samaradorligini yanada oshirish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biriga aylanib borayotganligi toʻgʻrisida toʻxtaldi. 

Shuningdek, bu borada ichki ishlar organlari tizimida ham osoyishtaligimiz posbonlarining salomatligini himoya qilish, ularni muntazam ravishda tibbiy koʻrikdan oʻtkazish hamda aniqlanayotgan kasalliklarning oldini olish va ularni oʻz vaqtida davolash boʻyicha koʻplab saʼy-harakatlar amalga oshirilayotganligini qayd etib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Otabek Hasanov mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bagʻishlangan Oliy Majlis palatalari qoʻshma majlisidagi “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi asosida demokratik islohotlar yoʻlini qatʼiy davom ettiramiz” nomli nutqiga toʻxtaldi. Jumladan, unda belgilab berilgan kelgusi besh yilda amalga oshirilishi lozim boʻlgan asosiy yetti yoʻnalish boʻyicha oʻzining fikr-mulohazalarini bildirdi. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan mazkur strategiya, avvalo, aholi manfaatlariga xizmat qilgan holda yurtimiz taraqqiyotini yangi pogʻonalarga olib chiqishini mamnuniyat bilan eʼtirof etdi.

– Tibbiy, siyosiy va huquqiy bilimlarimizni boyitishda bugungi tadbirning oʻrni beqiyosdir, – deydi Xoʻjalik boshqarmasi Transport boʻlimi katta inspektori, katta serjant Axrorbek Ikromov. – Shu boisdan, bu kabi tadbirlarning muntazam tashkil etilishi shaxsiy tarkib maʼnaviy salohiyatining yuksalishida muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Mixli SAFAROV,

“Postda” muxbiri.