Viloyat IIB axborot xizmatining xabar berishicha, viloyat hokimligi, xalq taʼlimi hamda ichki ishlar boshqarmalari hamkorligida yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Shahar va tumanlar xalq taʼlimi boʻlimlari mudirlari, Namangan shahri, Davlatobod hamda Yangi Namangan tumanidagi umumtaʼlim maktablarining direktorlari, shuningdek, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosarlari ishtirok etgan yigʻilishda voyaga yetmaganlar oʻrtasidagi yilning oʻtgan 9 oyida sodir etilgan jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlari tahliliy koʻrib chiqildi.
Viloyat IIB HPB boshligʻi, podpolkovnik Alisher Abdulhamidov, tergov boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, podpolkovnik Anvarjon Boltaboev, viloyat hokimligi vakili Abdurahmon Abdullaev voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni keltirib chiqaruvchi sabab va omillar, bunga ijtimoiy-maʼnaviy muhitning taʼsiri katta ekaniga eʼtibor qaratdilar.
Anjumanda Kosonsoy tumanidagi 29-umumtaʼlim maktabi hamda Davlatobod tumanidagi 58-DIUMda yuz bergan koʻngilsizliklar misolida masalaga jiddiy eʼtibor qaratildi. Oʻquvchi-yoshlarni zararli illatlar, xususan, jinoyatchilik va huquqbuzarliklardan asrash maqsadida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, buning uchun jamoatchilikning rolidan oqilona foydalanish borasida zarur tavsiyalar, dolzarb vazifalar belgilab olindi.
Gulchehra BUVAMIRZAYEVA,
"Postda" muxbiri.
Namangan viloyati.
