Quvonarlisi, anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan tanlovning joriy yilgi gʻoliblari orasida IIV Akademiyasi kursanti, safdor Javohir Bafoyev faxrli ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritib, 30 million soʻm pul mukofotiga sazovor boʻldi.

Lavhamiz qahramonining qalbida adabiyotga boʻlgan ishtiyoq kuchli. 

U yozuvchi va shoirlarning ibratli hayoti hamda boy ijodiy merosini chuqur oʻrganishga bel bogʻlagan. Eʼtiborlisi, u faqatgina oʻzi oʻqib oʻrgangani bilan kifoyalanmay, oʻzlashtirganlarini va adabiyotga oid yangiliklarni tengdoshlariga ham targʻib etishda faollik koʻrsatib keladi. Buni uning qator maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, respublika va xalqaro miqyosdagi konferensiyalardagi ishtirokida yaqqol koʻrish mumkin. 

Ilm olish yoʻlida soniyalarni-da qadrli deb bilgan Javohir 2022-yilda IIV Akademiyasining «Choʻlpon» nomidagi stipendiyasi sohibi boʻlgan. Joriy yilda esa Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining tarixchi va adabiyotshunos olimlari bilan hammualliflikda Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlpon hayoti va ijodi haqidagi «Choʻlpon» nomli ingliz hamda oʻzbek tilidagi risolasi nashrdan chiqdi. Shuningdek, Choʻlpon hayoti va ijodiga bagʻishlangan hujjatli filmni tasvirga oldi. Faol innovatsion yangiliklardan unumli foydalanib, oʻz gʻoyasi asosida «Adiblar xiyoboni» deb nomlangan ijtimoiy sayt yaratib, oʻzbek va jahon adabiyoti yirik namoyandalarining hayoti va ijodini keng targʻib qilmoqda. Yaqinda esa «Ijod zavqi» nomli ilk sheʼriy toʻplami nashrdan chiqdi.