Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Vatan oldidagi burchini ado etish chogʻida yurtimiz ozodligi, xalqimizning bugungi tinch va osoyishta hayotini taʼminlash yoʻlida halok boʻlgan mard va jasur oʻgʻlonlarimizning aziz xotirasiga ehtirom koʻrsatish biz uchun ham farz, ham qarzdir.
Shavkat MIRZIYOYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti.
Kindik qonimiz toʻkilib, tugʻilib oʻsgan Vatan onamiz kabi aziz, mehribon va qadrlidir. Inson dunyoga kelmasidan avval onaning vujudida ulgʻaysa, bu yorugʻ olam yuzini koʻrganidan keyin esa ona Vatani bagʻrida voyaga yetadi. Shu yurtni asrab-ardoqlash, himoya qilish esa har bir yurt farzandining muqaddas burchi hisoblanadi.
Donishmandlar aytganidek:
Tugʻilgan yerdan koʻngil uzilmas,
Yurt qoʻriganning yurti buzilmas.
Darhaqiqat, yurtini sevadigan, ardoqlaydigan va himoya qiladigan mardlar bor ekan, mamlakat yuksalaveradi, taraqqiy etaveradi.
Xalqimiz istiqlol yillarida oʻz oldiga qoʻygan yuksak marralar, taraqqiyot sari ildamlar ekan, bu yoʻldan chalgʻitishga uringan turli yovuz niyatli kuchlarga ham duch keldi. Oq-qorani koʻrdi, yaxshi-yomon kunlarni boshidan kechirdi. Oʻzbekistonning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy yuksalishiga, xavfsizligiga din niqobi ostidagi ekstremistik kuchlar, xalqaro terrorchilar koʻp bora raxna solishga urindi. Va har qanday ogʻir, murakkab va mashaqqatli kunlarda ham xalqimiz oʻzi tanlagan yoʻldan ortga chekinmadi. Mustaqilligimizga qasd qilgan gʻarazli kuchlarga qarshi oʻzini yagona, mustahkam xalq sifatida namoyon etib, iroda, iymon va eʼtiqod sinovidan yorugʻ yuz bilan oʻtdi.
1999-yilning 16-fevral voqealari, 2000-yilning iyul-avgust oylarida Surxondaryo viloyatining Sariosiyo va Uzun tumanlarining togʻli hududlariga jangarilarning bostirib kirishi, 2004-yil bahorida terrorchilik harakatlarining sodir etilishi va boshqa xunrezliklar oqibatida oʻnlab harbiylar, ichki ishlar organlari xodimlari va oddiy fuqarolar halok boʻldi. Gʻanimlar bu xatti-harakatlari bilan Oʻzbekistonda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikni, jamiyatdagi bunyodkorlik muhitini buzish, tobora kuchga kirayotgan davlatimizni oʻzi tanlagan yoʻldan ortga qaytarishni koʻzlagan edi. Biroq ular niyatlariga yetisholmadi. Ularga qarshi kurashda yurtimizning mard oʻgʻlonlarini koʻksini qalqon qildilar.
...2004-yil 30-mart. Qibray tumani hududidagi «Qoramurt» blok-postida xizmat burchini bajarayotgan xodimlarga yaqin atrofdagi mahalladan sumalak olib kelishdi. Barcha bahorning tabarruk neʼmatidan tatib koʻrishga ishtiyoqmand edi. Katta serjant Zoitbek Ahmedov esa yoʻlda avtomobillar qatnovini nazorat qilayotgani uchun hamkasblariga keyinroq borishini bildirdi. Oradan biroz vaqt oʻtib, «Tiko» rusumli avtomashina postga yaqinlashdi. Uning salonida oʻtirgan shubhali shaxslar osoyishtalik posbonlarining eʼtiborini tortdi. Katta serjant Z.Ahmedov va uning hamkasblari terrorchilarni qoʻlga olish choralarini koʻrishdi. Ammo kutilmaganda kuchli portlash yuz berdi. Zoitbek va uning bir hamkasbi manfur kimsalar bilan kurashda mardlarcha halok boʻldi.
Umuman olganda, sobiq ittifoq davri, oʻtgan asrning 60–80 yillari ichki ishlar organlari xodimlari uchun tinch-
osoyishta kechdi, deb boʻlmaydi. Ayniqsa, mustaqillik arafasida va istiqlolning dastlabki yillarida uyushgan jinoyatchilikning turli koʻrinishlari avj olganini katta avlod vakillari yaxshi eslaydi. Oʻsha davrlarda jinoyatchilikni jilovlash, jinoyat olami obroʻdorlari va ularning hamtovoqlariga qarshi kurash chogʻida huquq-tartibot idoralari xodimlari koʻp bor oʻlimga tik borishdi.
Xalqimizning birdamligi, siyosiy ongi yetukligi, harbiylar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar qatorida ichki ishlar organlari xodimlarining qatʼiyati va jasorati tufayli qora kuchlar niyatlariga yeta olmadi. Lekin shundan keyin ham hali ekstremistik kuchlar, hali narkotik moddalar savdosi bilan shugʻullanadigan jinoiy toʻdalar, hali demokratiyani «eksport» qilmoqchi boʻlgan markazlarning turli shakldagi xurujlari yuz koʻrsatib turdi. Davlatimiz bu tahdid va xavf-xatarlarga qarshi chuqur oʻylangan siyosat bilan izchil va tizimli kurashdi. Natijada el-yurtimizning tinch va osoyishta hayoti taʼminlandi. Mamlakatimiz oʻzi tanlagan taraqqiyot va yuksalish yoʻlidan ogʻishmay, olgʻa intildi, biz tanlagan insonparvar va tinchliksevar siyosiy yoʻlning toʻgʻriligini jahon hamjamiyati tan oldi.
Mustaqilligimizni himoya qilish yoʻlidagi ogʻir kurashlarda yuz bergan talafotlar oʻrni qoplandi, shikastlangan binolar tiklandi. Biroq qurbon boʻlganlarning oilalariga yetgan zararni, ayniqsa, farzandidan ayrilgan ota-onalar, yetim boʻlgan bolalar, beva qolgan ayollar, tul qolgan kelinlar qalbidagi yaralarni bitkazish qiyin. Shu bois xizmat vazifasini bajarish chogʻida, terrorchi guruhlar va jinoiy toʻdalarga qarshi kurash paytida halok boʻlgan xodimlarning oila aʼzolariga, farzandlariga davlatimiz rahbari, hukumatimiz va Ichki ishlar vazirligi tomonidan doimiy gʻamxoʻrlik koʻrsatib kelinmoqda. Ularning holidan xabar olinib, moddiy va maʼnaviy yordam berilmoqda.
2018-yil Mustaqilligimizning 27 yillik bayrami arafasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Vatanimiz oldidagi burchini ado etish chogʻida halok boʻlgan mard va jasur oʻgʻlonlarimizning aziz xotirasiga bagʻishlangan «Mard oʻgʻlonlar nomi barhayot» kitobi yaratildi. Bu kitob tinchlik va osoyishtalik uchun jonfido qilgan xalqimizning mard va jasur farzandlari xotirasiga yuksak hurmat-ehtirom namunasi boʻldi. Shuningdek, Prezidentimizning 2021-yil 2-apreldagi qarorida Ichki ishlar vazirligi tomonidan Ikkinchi jahon urushi davridan ayni paytgacha xizmat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlgan xodimlarning nomini abadiylashtirish va ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻzida aks ettiruvchi «Ichki ishlar organlarining mard oʻgʻlonlari» kitobining chop etilishi belgilangan edi. Mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan ushbu kitob ham nashrdan chiqdi.
Yuqorida tilga olingan tahlikali holatlar oʻsha eski haqiqatni, yaʼni, xalqimiz oʻzini mustaqil taraqqiyot yoʻlida olgan achchiq saboqlarni yana bir bor yodimizga soladi. Bugun garchi insoniyat tarixidagi eng rivojlangan davrda yashayotgan boʻlsak-da, fan-texnika taraqqiyoti yangi-yangi bosqichlarga koʻtarilayotgan esa-da, tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, tinch-osuda hayot uchun kurash eng dolzarb, eng ustuvor masala boʻlib qolmoqda. Buni dunyoning hozirgi manzarasi ham bot-bot eslatib turibdi. Bu haqiqatni unutishga hech kimning aslo haqqi yoʻq.
Qahramonlar oʻlmaydi. Mustaqillik yillarida yurtimiz ozodligi, xalqimizning bugungi erkin va obod hayotini taʼminlash yoʻlida oʻzining aziz jonini qurbon qilgan mard va jasur oʻgʻlonlarimizning soʻnmas xotirasi xalqimiz qalbida mangu yashaydi. Ularning ibratli umri jonajon Vatanimizga fidoyilik, el-yurt tinchligi va kelajagi uchun kerak boʻlsa jonini ham berishga tayyor tura olish borasida yoshlarimiz uchun doimo oʻrnak boʻlib xizmat qiladi.
Sarvar SOBIROV,
«Postda» muxbiri.
