Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat IIB boshligʻi, polkovnik Muhiddin Joʻraev hamda tegishli mutasaddi rahbarilar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari xonadoniga tashrif buyurdilar.

Bu yil 97 yoshni qarshi olgan oltiariqlik Toʻlanboy ota Shokirov urushdan qaytganidan soʻng ichki ishlar boʻlimiga ishga kirib, 30 yil el-yurt osoyishtaligiga munosib hissa qoʻshgan.

Rishtonlik Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi va ichki ishlar organlari faxriysi Mirzaahmad ota Sulaymonov ham bu yil 97 yoshni qarshiladi. U ham urushidan qaytgach, ichki ishlar organlari safida xizmat qilgan.

Shu kuni faxriylarga Davlatimiz rahbari bayram tabrigi oʻqib eshittirildi. Prezidentimiz farmoniga binoan ajratilgan pul mablagʻi tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, Ichki ishlar vazirligining pul mukofoti hamda viloyat IIBning qimmatbaho sovgʻalari ham taqdim etildi.

Nuroniylar koʻrsatilgan ehtiromdan shod boʻlib, yurtimizdagi tinchlik va barqarorlik abadiy boʻlishini soʻrab duo qildilar.

Abduvosit SIDIQOV,

“Postda” muxbiri.

Fargʻona viloyati.