Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirov Arnasoy tumani markazidagi kasb-hunar maktabida sayyor qabul va yoshlar bilan muloqot oʻtkazdi. Tadbir doirasida yoshlar festivali uyushtirilib, yosh avlod vakillari stol tennisi, armrestling, tosh koʻtarish, shaxmat-shashka musobaqalarida kuch va iqtidorini sinovdan oʻtkazdi. Shuningdek, tasviriy va xalq amaliy sanʼati koʻrgazmasi, boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi tashkil qilindi.
Festivalʼ yakunlangach, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbus doirasida ilm-fan, sport va sanʼat sohalarida yuqori natijalarga erishayotganlar hamda shu kuni tashkil qilingan sport musobaqalarida gʻolib boʻlganlar faxriy yorliq va sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Bundan tashqari, 7 nafar yoshga oliy taʼlim kontrakt toʻlovlarining 50 foizini, 1 nafar yoshga safarbarlik chaqiruv rezervi toʻlovini qoplashga oid sertifikatlar topshirildi. Yana 2 nafar yosh payvandlash uskunasi va tikuv mashinasini qabul qilib oldi. Shuningdek, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar hamda voyaga yetganlarga ID-kartalar topshirildi.
Aholi vakillari va yoshlar bilan muloqot davomida fuqarolar tomonidan 30 dan ortiq muammolar koʻtarildi. Uchinchi sektor rahbari ushbu masalalarni hal qilish yuzasidan masʼullarga topshiriqlar berdi. Xullas, muloqot har doimgidek mazmunli kechdi.
Alijon ABDUSATTOROV,
“Rostda” muxbiri.
Jizzax viloyati.
