Buyuk bobokalonimiz, yirik davlat arbobi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 685 yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbirlar butun yurtimiz boʻylab koʻtarinki ruhda davom etmoqda.
Shu munosabat bilan bugun mamlakatimizdagi barcha davlat va jamoat tashkilotlari qatori IIV Markaziy apparati sohaviy xizmatlari xodimlari ham yetuk sarkardani xotirlash maqsadida Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurishdi.
U yerda Amir Temur va temuriylar davriga oid qoʻlyozma asarlar, turli davlatlarning hukmdorlari bilan olib borilgan yozishmalar, tangalar, sopol va mis buyumlar, meʼmoriy bezak qoplamalari, kitoblar, etnografik buyumlar hamda yurtimiz rassomlarining asarlaridan iborat nodir eksponatlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻlgan osoyishtalik posbonlari oʻzlarining tarixiy bilimlarini yanada boyitdilar.
– Muzeyni tomosha qilar ekanmiz, temuriylar tomonidan amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlarini koʻrib, yana bir bor mazkur sulolaning naqadar qudratli ekanligiga shohid boʻldik. – deydi IIV Kadrlar bosh boshqarmasi Maʼnaviy va tarbiyaviy ishlar boshqarmasi Axborot-resurs markazi boshligʻi, podpolkovnik Nargiza Mullajonova. – Shu boisdan, dunyo tarixida oʻchmas iz qoldirgan ana shunday ulugʻ zotlarning avlodi ekanligimdan qalbim cheksiz gʻurur va iftixorga limmo-lim boʻldi.
Shundan soʻng, mazkur ziyo maskanidan katta taassurotlar bilan chiqqan xodimlar, orkestr sadolari ostida kuragi yerga tegmagan sarkarda haykali poyiga gulchambarlar qoʻyishdi.
Shunday qilib, vatanparvarlik ruhida oʻtgan ushbu tadbir barcha ishtirokchilarda buyuk ajdodlarimizga boʻlgan hurmat va eʼtiborni har qachongidan ham kuchaytirish bilan birgalikda, ona Vatanimizga boʻlgan mehr-muhabbat va sadoqatni yanada oshirishga xizmat qildi.
Mixli SAFAROV,
“Postda” muxbiri.
Abu KENJAEV olgan suratlar.
