IIV markaziy apparati xodimlari ishtirokida oʻtkazilgan Jadidlar: milliy oʻzlik, istiqlol va davlatchilik gʻoyalari mavzusidagi maʼnaviyat va maʼrifat darsining leytmotivini jadidchilik harakatining asosiy maqsadi Turkiston xalqlarini maʼrifiy yoʻl bilan ijobiy tomonga oʻzgartirish ekanligi belgilab berdi.
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, filologiya fanlari doktori, Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek tili va adabiyoti universiteti professori Bahodir Karimov jadidlar jahon sivilizatsiyasida nihoyatda katta rol oʻynagan Turkistondek tarixiy oʻlkada sharqona hayot tarzini saqlagan holda, uni Gʻarb va Yevropa taraqqiyoti natijalari bilan boyitishni koʻzlaganligini taʼkidladi. Shuningdek, notiq bu ziyoli insonlar yurtni obod va mustaqil koʻrishni orzu qilishgani, buning uchun yangi usul maktablarini ochib, qobiliyatli yoshlarni chet elga oʻqishga yuborgani, gazeta va jurnallar chop etib, qoloqlikka qarshi maʼrifat bilan kurashgani, hatto oʻsha paytdagi hukmron kuchlarning zoʻravonlik va tazyiqlariga qaramasdan, jonlarini fido etib boʻlsa-da, oʻzlari tanlagan yoʻldan qaytmaganligini keltirib oʻtdi.
Vatani va xalqining porloq kelajagi hamda uning manfaatlarini oʻylab, ana shunday yangilanish va olamshumul ishlarni amalga oshirgan buyuk ajdodlarning farzandi ekanligimdan yana bir bor faxrlandim, deydi IIV Axborot texnologiyalari aloqa va axborotni himoyalash boshqarmasi katta mutaxassisi, leytenant Doniyor Ilhomov. Shu bois ularning faoliyati bilan yanada yaqindan tanishishni maqsad qildim.
Ona yurtga mehr-muhabbat va sadoqat ruhida oʻtgan ushbu tadbir yakunida osoyishtalik posbonlari eʼtiboriga jadidlar hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan videorolik namoyish etildi.
Mixli SAFAROV,
oʻz muxbirimiz.
