Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari bugun mustaqilligimiz, davlatimiz suvereniteti va hududiy yaxlitligini saqlash, tinch va osuda hayotimizni himoya qilishning muhim tayanchi, kafolatiga aylandi. Zamonaviy harbiy texnika bilan taʼminlangan, ixcham, tezkor va professional armiyamiz Vatanimizning mustahkam qalqonidir. 


Soʻnggi yillarda harbiy sohada keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi. Yangi Mudofaa doktrinasi qabul qilindi, harbiy tuzilmalar­ning tarkibi va vazifalari chuqur qayta koʻrib chiqilib, qoʻshinlarni boshqarish tizimi takomillashtirildi. 2018–2021-yillarda qoʻshinlarni zamonaviy qurol-yarogʻ bilan taʼminlash va harbiy texnikalarni taʼmirlash, modernizatsiya qilish boʻyicha kompleks dastur doirasida qator muhim loyihalar amalga oshirildi.  

Hozirgi vaqtda milliy armiya­mizda amalga oshirilayotgan tub islohotlarda «Inson qadri uchun» ta­moyili markaziy oʻringa qoʻyilmoq­da. Shu asosda barcha harbiylar­ning xizmatlarini munosib qadrlash, ularni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlanti­rish, oilasi va farzandlarini ijtimoiy himoya qilish borasidagi ishlar yangi bosqichga koʻtarilmoqda. 

Quvonarli jihati, ushbu saʼy-harakatlar samarasi oʻlaroq, Oʻzbekiston mudofaa tizimi xalqaro miqyosda yetakchilar qatorida eʼtirof etilmoqda. Xususan, «Global Firepower» tashkiloti tuzgan yangi reytingga koʻra, dunyo­ning eng kuchli armiya­lari qatorida Oʻzbekiston armiyasi 55-oʻrinni egalladi. 142 ta davlat armiyalari joy olgan reytingda mamlakatimiz Qurolli Kuchlari Markaziy Osiyo mintaqasida peshqadamlikka erishgan. 

Xalqimiz va harbiylarning hamjihatligi mustahkamlanmoqda. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan «Armiya va xalq – bir tan-u bir jon» degan ulugʻvor gʻoya qanchalik xalqchil hamda yoshlar taʼlim-tarbiyasida nihoyatda samarali ekanligi amalda oʻz ifodasini topayotir. 

Shubhasiz, mamlakat mudofaa­sini tashkil qilishda Qurolli Kuchlarimizning ajralmas qismi hisoblangan Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi harbiy tuzilmalar ham muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, nisbatan katta shaxsiy tarkibga ega, mamlakatdagi muhim obyektlar xavfsizligi ishonib topshirilgan Qorovul qoʻshinlari, Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash qoʻshinlari ana shunday harbiy tuzilmalar sirasidandir.

Mazkur qoʻshinlarda xizmat qilayotgan harbiylar xizmati davlatimiz tomonidan munosib eʼtirof etib kelinmoqda. Fidoyi xiz­mati, koʻrsatgan jasorati uchun koʻplab harbiy xizmatchilar davlat mukofot­lariga sazovor boʻlish­moqda, vazirlikning «Aʼlo xiz­matlari uchun», «Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun», «Qoʻshin aʼlochi­si» koʻkrak nishon­lari va boshqa mukofotlar bilan ragʻbatlantirilyapti.

Masalan, oʻtgan yili birgina Qoro­vul qoʻshinlari harbiy xizmatchila­ridan 68 nafari «Qoʻshin aʼlochisi», 29 nafari «Benuqson xiz­matlari uchun» koʻkrak nishonlari bilan taqdirlandi. Xuddi shuningdek, Prezidentimizning farmoniga muvofiq, bir guruh harbiy xizmatchilar «Shon-sharaf», «Mardlik» ordenlari, «Sodiq xizmatlari uchun», «Shuhrat» medallariga munosib koʻrildi.

Bundan tashqari, Qorovul qoʻshinlari shaxsiy tarkibini ijtimoiy himoya qilish maqsadida harbiy xizmatchilarga imtiyozli ipoteka krediti asosida uy-joy sotib olish uchun 373 ta xonadon ajratildi. Uy-joy bilan taʼminlanmagan harbiy xizmatchilarga esa ijarada turganlik uchun kompensatsiya pullari toʻlab berilmoqda.

Ortda qolgan 2022-yilda xalqaro sport musobaqalarida katta natijalar qoʻlga kiritildi. Masalan, 21–26-iyul kunlari Qirgʻizistonda sportning «Usmonov Kombat sistems» turi boʻyicha boʻlib oʻtgan jahon chempionatida 3-darajali serjant Yahyoxon Yusupov va oddiy askar Aziz Muydinov barcha raqiblarini magʻlub etib, oltin medalga sazovor boʻlishdi. 26–30-may kunlari poytaxtimizda universal jang boʻyicha jahon chempionati oʻtkazildi. Dunyo­ning oʻttizdan ortiq davlatlaridan qatnashgan 700 nafarga yaqin sportchilar orasida Qorovul qoʻshinlari harbiy xizmatchilari – kapitan Jamol Amonov va kichik serjant Jasur Daminov oʻz vazn toifalarida uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Turkiyaning Antaliya shahrida boʻlib oʻtgan universal jang boʻyicha oʻtkazilgan jahon kubogi musobaqasida kapitanlar Oʻktam Rajabov va Jamol Amonov oʻz vazn toifalarida tengsiz deb topilgani ham kishiga faxr bagʻishlaydi. 

Umuman olganda, vazirlik harbiy tuzilmalarida sport musobaqalari, koʻrik-tanlovlar, intellektual oʻyinlar oʻtkazish, oʻquv-amaliy mashgʻulotlar, intensiv sinovlarni tashkil etish yaxshi anʼanaga aylangan. Bundan tashqari, «Maʼnaviyat marshruti» loyi­hasi doirasida harbiy xizmatchilarning tarixiy obidalar, madaniy obyektlar, muzey va ziyoratgohlarga tashriflari ham muntazamlik kasb etmoqdaki, Vatan himoyachilarining bilim va maʼnaviyatini yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega boʻlayotir.

2022-yilning 12–15-sentabr kunlari Forish tumanidagi togʻ dala-oʻquv maydoni bazasida Qorovul qoʻshinlarida oʻz kasbining ustasi unvoni uchun koʻrik-tanlovning ikkinchi bosqichi oʻtkazildi. 

Tanlovning «Eng ilgʻor batalon komandiri» nominatsiyasida 7534-sonli harbiy qism taʼminot bataloni komandiri, mayor Orifjon Rasulov, «Eng ilgʻor vzvod komandiri» nominatsiyasida 7531-sonli harbiy qism 3-bataloni 7-oʻqchi vzvod komandiri, kapitan Abdulaziz Joʻrayev, «Eng ilgʻor guruh komandiri» nominatsiyasida 7535-sonli harbiy qismning maxsus vazifalarni bajaruvchi safarbarlik vzvodi 1-jangovar guruhi komandiri, katta leytenant Doʻstyor Poʻlatov, «Eng ilgʻor serjant» nominatsiyasida 7534-harbiy qism 1-bataloni boshqaruv guruhi komandiri – qorovul boshligʻi, katta serjant Sherali Vosiyev gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

Shu oʻrinda Ichki ishlar vazirligi tizimida shaxsiy tarkibda harbiy-vatanparvarlik tuygʻusini kuchaytirish masalasiga jiddiy eʼtibor qaratilayotganini alohida qayd etish joiz. Shu maqsadda ichki ishlar organlarida «Vatanparvarlik burchaklari» tashkil etilgan, «Vatanparvarlik oyligi» doirasida koʻplab maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazil­yapti. Bunday chora-tadbirlar yurt posbonlari, ayniqsa, yosh xodimlar qalbida vatanparvarlik tuygʻusini yanada mustahkamlash, ularni yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, bugun har qanday tahdid va xatarlarga munosib zarba berishga tayyor milliy armiyamiz bor. Vatan himoyachilari tom maʼnoda, xalqimiz, mamlakatimizning ishonch­li va mustahkam qalqonidir. Shu maʼnoda, harbiyla­rimiz, armiyamiz xalqimizga qancha yaqin boʻlsa, davlatimiz ham shuncha qudratli boʻladi. Qudratli davlatni esa hech qanday kuch yenga olmaydi.


Kamol OLLOYOROV,

«Postda» muxbiri.