Yoshim yetmish beshda. Ichki ishlar organlari tizimida chorak asr xizmat qildim. Sogʻligʻim yomonlashgani sababli tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi xulosasiga koʻra, ikkinchi guruh nogironligi belgilanib, pensiyaga chiqarildim.

Pensiyaga chiqqanimdan soʻng oʻn toʻrt yil Navoiy shahar “Gulzor” mahalla fuqarolar yigʻini raisi, uch yil “Lochin” mahallasi posbonlar tuzilmasi sardori boʻlib ishladim. Mahalla tizimidagi xizmatlarim qadrlanib, 2001 yilda “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining oʻn yilligi” esdalik nishoni, 2004 yilda esa “Shuhrat” medali bilan taqdirlandim. Muhtaram Prezidentimizning oqilona siyosati xalqimizning turmush farovonligini yaxshilash, pensioner va nogironlarni ijtimoiy himoyalashga qaratilgan. Tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan ishlar ham shundan dalolat berayapti.

Yaqinda IIV Tibbiyot boshqarmasi Samarqand shahridagi Reabilitasiya markazida davolandim. Markazda davolanuvchilarning salomatliklarini tiklashi uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo etilgan. Shifo maskani sport zalida turli xil trenajyorlar, shinamgina kutubxona mavjud. Tajribali trenerlar ham faoliyat olib boradi. Xonalar televizor, isitish va sovutish vositalari bilan taʼminlangan. Ovqatlar davolovchi shifokorlar va bemorlarning istaklari asosida sifatli tayyorlanadi va ovqatlanish vrach-dietolog nazorati ostida amalga oshiriladi.

Eng muhimi, Reabilitasiya markazida oʻz kasbiga cheksiz mehr-muhabbat qoʻygan, chin maʼnoda fidoyi insonlar mehnat qilayotganiga amin boʻldim. Shifokorlarning bemorlarni davolash, salomatliklarini tiklash borasidagi saʼy-harakatlari har qancha maqtovga munosib. Men mazkur tibbiyot muassasi shifokorlari hamda barcha xodimlardan behad minnatdorman. Shu oʻrinda markaz boshligʻi R.Norpoʻlatov, markaz boshligʻining davolash boʻyicha oʻrinbosari D.Rabbimov, tajribali shifokorlar G.Salomova, T.Moʻminov, Sh.Ahadova, O.Rahimova, R.Jumaniyozov, qoʻli yengil hamshiralar N.Safoeva, D.Qodirova, ozodalik posbonlari-kichik hamshiralar Z.Zaripova, Z.Jumaevalarning nomlarini alohida taʼkidlashni istardim.

Reabilitasiya markazi shifokorlari va ishchi-xizmatchilarini insonlar salomatligini muhofaza qilishdek gʻoyatda sharafli ishlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilab, “Men sizdan davo topdim, jonga-jon shifokorlar” degim keladi.


Fayzullo JUMANAZAROV,

isteʼfodagi kapitan.

Navoiy shahri.