Atoqli yozuvchi Pirimqul Qodirovning «Ona lochin vidosi» romani tarixiy-memuar asar hisoblanadi. Romanda XIV–XV asrlarda Markaziy Osiyoda sodir boʻlgan voqealar – Shohrux Mirzo umrining soʻnggi damlari, Mirzo Ulugʻbek hayotining tahlikali kunlari, halokati, Abusaid saltanati yillari, nihoyat Husayn Boyqaroning hokimiyat tepasiga kelishi voqealari qalamga olinadi.
Asarda Movarounnahr va Xurosondagi maʼnaviy muhit, madaniy hayot, toj-u taxt va saltanat muammolari, taʼlim-tarbiya jarayonlari adib tomonidan mohirona tasvirlab berilgan. Shohrux Mirzoning rafiqasi, Mirzo Ulugʻbekning onasi Gavharshodbegim romanning bosh qahramoni sifatida tanlangan. Bu mehridaryo onaxonning saltanatni saqlab qolish yoʻlidagi jonbozliklari, fidoyiliklari bilan tanishib, unga tasannolar aytasiz.
Qahramonning ona lochin deb atalishi bejiz emas. Kitobni oʻqish jarayonida uning Temuriylar saltanatida yorqin iz qoldirgan, maʼnaviy dunyosi boy, aql-u zakovatda eng peshqadam ayollaridan biri boʻlganligiga amin boʻlasiz. Malikaning nabiralari Abdullatif va Alouddavla oʻrtasidagi raqobat Gavharshodbegimni ancha tashvishga soladi. Ammo malika oʻzining donolarcha nigohi, aql-u tafakkuri, sabr-matonati bilan amirzodalarga toʻgʻri yoʻl koʻrsatishga harakat qiladi.
Kezi kelganda qattiqqoʻl, qalbi toza va mehribon Gavharshodbegimning temuriyzodalarni tarbiyalashi, nodir isteʼdodlarni kashf etishi, amirzodalarni mehr-muruvvat bilan onalarcha parvarishlashi, ayniqsa, Mirzo Ulugʻbek, Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy bilan boʻlgan munosabatlarida yorqin gavdalantirilgan. Gavharshodbegimning shijoati, donishmandligi, iztiroblarga toʻla oʻylari, dil rozlari bilan tanishganda, millatimiz tarixida ana shunday tabarruk onaxonlarimiz oʻtganidan koʻnglimiz togʻdek koʻtariladi.
Bir soʻz bilan aytganda, asar turli-tuman qiziqarli, dramatik va tarixiy voqeliklarga boy. Yozuvchi oʻsha davr ruhini mohirlik bilan ochib bergan. Barcha badiiy adabiyot ixlosmandlariga tarixiy, tarbiyaviy ruhda yozilgan ushbu romanni mutolaa qilishni tavsiya etaman.
Ubaydulla QOʻCHQOROV,
Samarqand viloyati IIB XTTB
JTSG inspektori, kapitan.
