Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, haydovchi va piyodalarda harakatlanish madaniyatining yoʻqligi ham katta-kichik «probka»larni keltirib chiqarmoqda. Tirbandliklarda harakatlanayotgan avtomashinalarning aksariyatini «Damas» yoki yoʻnalishdagi boshqa transport vositalari tashkil etyapti. Yoʻlovchi mashinalarning koʻpligi esa jamoat transportining erkin harakatlanishiga xalaqit qilmoqda. Shu sababli hamkor tashkilotlar bilan yoʻllardagi tirbandliklarga chek qoʻyish maqsadida muayyan ishlarni olib boryapmiz. Jumladan, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish, harakat ishtirokchilariga qulay sharoit yaratish maqsadida yangi yoʻl belgilari, svetoforlar oʻrnatilyapti, yangi piyodalar oʻtish joylari tashkil etilmoqda. Haydovchi va piyodalarning yoʻllarda harakatlanish madaniyatini oshirishga qaratilgan targʻibot tadbirlarini oʻtkazish ham doimiy eʼtiborimizda.
Yoʻllarda tirbandliklarning oldini olish, haydovchilarga qulaylik yaratish maqsadida viloyat IIB YHXB tomonidan viloyat hokimligiga qator takliflar kiritildi. Chunonchi, Namangan shahrining «Qoʻqon» va «Gʻalcha» koʻchalari kesishmasi oʻrnida aylanma harakatni joriy etish taklifi ilgari surildi. Qolaversa, shu kabi aylanma yoʻllarni «Uychi», Mashrab, Navoiy koʻchalarida hamda «Margʻilon» va Navoiy koʻchalari kesishgan chorrahalar oʻrnida ham tashkil etishni koʻzda tutganmiz. Qolaversa, Toʻraqoʻrgʻon tumani hududidan oʻtgan
4R-120 avtomobil yoʻli kesishgan chorraha oʻrnida aylanma harakat yoʻlini bunyod etish tirbandlik muammosiga yechim boʻlishi mumkin.
Har qanday muammoning yechimi bor. Umid qilamizki, yuqoridagi kabi takliflarda koʻzda tutilgan ishlar amaliyotga tatbiq qilinsa, yoʻllardagi tirbandliklar, qoidabuzarlik holatlari bartaraf etilishiga erishiladi.
Botirjon BOYMIRZAYEV,
mayor.
Namangan viloyati.
