Bugun IIV Madaniyat saroyida vazirlik markaziy apparati xodimlari uchun “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim – yangi Oʻzbekistonda ustuvor yoʻnalish” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Unda soʻz olgan Oliy Majlis Senati aʼzosi, Oʻzbekiston xalq shoiri Mahmud Toir mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasidan kelib chiqqan holda joriy yilda yurtimiz istiqboli yoʻlida amalga oshirilishi lozim boʻlgan muhim ishlar toʻgʻrisida oʻzining fikr-mulohazalarini bildirdi. Shuningdek oʻzining ona Vatan, mehr-muhabbat va istiqlolimizni tarannum etuvchi sheʼrlaridan namunalar oʻqidi.

Tadbirda soʻzga chiqqan Yoshlar ishlari agentligi direktorining  birinchi oʻrinbosari Jamshid Xodjayev yurtimizda yoshlar siyosati boʻyicha olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar xususida toʻxtalib, kelajagimiz egalarining taʼlim-tarbiyasi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish hamda kitob mutolaasiga boʻlgan qiziqishini yanada oshirish boʻyicha bir qator taklif va tavsiyalar berdi.

Tadbir doirasida mazkur agentlik rahbariyati tomonidan ichki ishlar organlari xodimlariga 500 dona jahon adabiyotining yirik namoyandasi Fyodor Dostoevskiyning “Jinoyat va jazo” hamda sevimli adibimiz Tohir Malikning “Odamiylik mulki” kitoblari topshirildi.

Mixli SAFAROV,

“Postda” muxbiri.