Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasi joriy yilning sarhisobi barobarida Yangi Oʻzbekistoning yorqin kelajagi sari muhim qadam boʻldi. Birgina 2023 yilni “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb nomlanishining oʻzi fikrimizning naqadar toʻgʻri ekanini koʻrsatib turibdi.
Binoabirin, soʻnggi yillarda mamlakatimizda inson qadrini yuksaltirish boʻyicha tub islohotlar olib borilmoqda. Aholining barcha qatlamlariga munosib turmush sharoitlarini yaratib berish, ijtimoiy himoya va bandlikni taʼminlash, daromadlar barqaror oʻsishiga erishish, jamiyatning madaniy darajasi, bagʻrikenglik va mehribonlik fazilatlarini yanada mustahkamlashdan iborat kompleks tadbirlar amalga oshirildi.
Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasida belgilab berilganidek, insonning huquq va erkinliklarini taʼminlash Oʻzbekistondagi islohotlarda gʻoyat muhim oʻrinda turadi. Quvonarlisi shundaki, yurtimizda yashayotgan har qaysi inson millati, tili va dinidan qatʼi nazar, tinch va xotirjam umr kechirishi, hayotdan rozi boʻlib yashashi davlatning bosh maqsadiga aylanib bormoqda, 2030 yilgacha moʻljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari yurtimizdagi barcha insonlarning manfaatlarini taʼminlashni koʻzda tutadigan “Hech kimni eʼtibordan chetta qoldirmaslik” tamoyili asosida amalga oshirilmoqda.
Sir emaski, keng koʻlamli islohotlar kishilarning hayoti, dunyoqarashi, tafakkur tarzi hamda turmush darajasini tubdan oʻzgartirmoqda. Yurtboshimiz taʼkidlaganidek, “Yangi Oʻzbekistonni birgalikda barpo etamiz” degan ulugʻvor maqsad umumxalq harakatiga aylanmoqda.
Shu bilan birgalikda, koʻzlagan maqsadlarimizga erishishda taʼlimning oʻrni beqiyos ekani barchamizga maʼlum. Mamlakatimizda bu sohada ham ulkan oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Yoshlarimizda aniq va tabiiy fanlarga nisbatan qiziqish, kelajakda muhandislik, axborot kommunikatsiya texnologiyalari, ilm-fan yoʻnalishida yetuk kadrlar sifatida shakllanishlari uchun maktablarda STEM taʼlim tizimini tadbiq etish boʻyicha 5 yillik dastur ishlab chiqiladi. Ushbu dasturni amalga oshirish uchun Osiyo taraqqiyot bankining 100 million AQSH dollari miqdoridagi mabalagʻlari yoʻnaltirilishi aynan taʼlim sifatiga qaratilgan islohotlardir.
Mamlakatimizda yuz berayotgan yangilanishlar jarayoniga xolislik bilan nazar tashlagan inson biz bugungi kunda haqiqatan ham rivojlanish yoʻlidan borayotganligimizni koʻrishi qiyin emas. Faqat buni his qilishimiz va Vatanimiz taraqqiyotiga oʻz hissamizni qoʻshishimiz lozim. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidik, “Biz bu yoʻlda islohotlarimizning asosiy harakatlantiruvchi kuchi boʻlgan jamiyatimiz aʼzolarining bor bilim va salohiyati, kuch va imkoniyatlarini, butun azmu shijoatimizni ishga solishimiz zarur. Shundagina yangi Oʻzbekiston jahon maydonida kuchli salohiyat, munosib obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan, har tomonlama obod va farovon mamlakatga aylanadi”.
Inchunun, mamlakatning kelajagi porloq boʻlishi uchun yosh avlodni chin maʼnodagi komil inson qilib tarbiyalash oʻta muhim vazifalardan biri ekani hech kimga sir emas. Prezidentimiz tomonidan 2023 yilning “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb atalishida oʻziga xos hikmat bor. Bu hikmat shundaki, buyuk kelajak maʼnaviy barkamol insonlarga tayangandagina yaratiladi va qad koʻtaradi.
Shunday ekan, 2023 yilning “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb eʼlon qilinganligini yurtimizga, xalqimizga daʼvat deb qabul qilish lozim. Zero, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “Oʻzbekiston ilm-fan, intellektual salohiyat sohasida, zamonaviy kadrlar, yuksak texnologiyalar borasida dunyo miqyosida raqobatbardosh boʻlishi shart”
Shavkat TOʻRAYEV,
Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti boʻlim boshligʻi, falsafa fanlari nomzodi, dotsent.
