Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Yaxshi bilamizki, uzoq safarlarga yoki jang-u jadallarga ketayotgan ajdodlarimiz bir siqim Vatan tuprogʻini oʻzlari bilan olib yurganlar. Bu hodisa bugungi kunimizga ham begona emas. Xorijdagi koʻplab vatandoshlarimizning soʻnggi damlarida yurt tuprogʻini koʻzlariga toʻtiyo qilganlarini eshitib, qalbimizda ozod va obod Oʻzbekistonimizga nisbatan muhabbat tuygʻusi yanada joʻsh uradi...
Xalqimiz asriy orzusi ushalgan Mustaqillik sanasi eng ulugʻ, eng aziz bayram sifatida keng nishonlanishi bejiz emas. Darhaqiqat, tarixan qisqa davr ichida Oʻzbekiston iqtisodiyoti tez surʼatlar bilan rivojlanib, kuch-qudrati va salohiyati har tomonlama yuksalib borayotir. Bu avvalo, yurtimizda amalga oshirilayotgan oqilona islohotlar natijasidir.
Yurt ravnaqi, hududlarni rivojlantirish, sohalar taraqqiyotiga qaratilgan dastur va rejalar inson baxt-u saodatiga, farovonlikka, bugunimiz va ertangi kunga xizmat qilishini har bir yurtdoshimiz chuqur his qilmoqda, bunga bevosita oʻzi guvoh boʻlmoqda. Tinch-osoyishta yurtimizda amalga oshirilayotgan tub oʻzgarishlar, yangilanishlar, bunyodkorlik ishlari tufayli shahar-u qishloqlarimiz tobora chiroy ochib, dunyo boʻylab mamlakatimizning nufuzi oshib borayotgani har birimizga gʻurur bagʻishlab, ertangi kunga ishonchimizni oshiradi.
Ayniqsa, soʻnggi 5-6 yilda amalga oshirilgan islohotlarga teran nazar tashlasak, qalbimiz ravshanlashadi. Oʻzbekiston dunyoga ochildi. Maʼlumki, mamlakatimiz tashqi siyosatida tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik muhim oʻrin tutadi.
Qayd etish joizki, Markaziy Osiyo davlatlarining barqarorligi va hamjihatligi, birinchidan, xalq farovonligiga, ikkinchidan, mintaqaning investitsion jozibadorligini oshirib, xorijiy sherik davlatlar va investorlar bilan hamkorlik uchun keng imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi. Oʻzbekiston va mintaqa davlatlari oʻrtasida shakllangan va yanada mustahkamlanib borayotgan yangi muhit mazkur maqsadlarga erishishga hamda oʻzaro siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi. Yaqin qoʻshnilarimiz, ildizi tomirlarimizga asrlar mobaynida tutashib ketgan qardoshlarimiz bilan yaqin qoʻshnichilik aloqalarining mustahkamlangani xalqlar oʻrtasidagi doʻstona muhitni yanada mustahkamladi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan turizm sohasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani mamlakatimiz obroʻsini, nufuzini dunyo miqyosida yanadi oshirmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligining maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan 2022-yilda 5,2 mln nafar chet el fuqarolari turist sifatida Oʻzbekistonga tashrif buyurgan. Bu koʻrsatkich 2021-yilning mos davri bilan solishtirilganda 3,4 mln nafarga yoki 2,8 baravarga oshgan. Joriy yilning oʻtgan 6 oyida esa, Oʻzbekistonga 3,1 mln nafar chet el fuqarolari tashrif buyurgan.
Yana bir alohida toʻxtaladigan jihat – odamlarning mustaqillikni tom maʼnoda his etishlari uchun bugunidan rozi boʻlib, ertangi kunga umid bilan qarashiga erishish maqsadida oʻtkazilayotgan sayyor qabullardan mamnun boʻlayotganini barchamiz koʻrib, his etib turibmiz.
Tabiiyki, amalga oshirilayotgan islohotlar boshqa sohalar qatori, ichki ishlar organlarini ham chetlab oʻtgani yoʻq. Yangi ruh va shijoat bilan ish boshlagan osoyishtaligimizning munosib posbonlari Vatanimiz tinchligi yoʻlida oʻzlarining bor kuch va gʻayratlarini ayamasdan xizmat qilib kelmoqda. Ularning saʼy-harakatlari tufayli, jinoyat va huquqbuzarliklar soni yildan-yilga kamayib, sodir etilishi mumkin boʻlganlarining esa barvaqt oldi olinmoqda. Soha xodimlarining xizmatini yanada takomillashtirish maqsadida ular qulay shart-sharoitlarga ega boʻlgan zamonaviy bino va texnikalar bilan taʼminlanyapti.
Sohani aholiga xizmat qiluvchi xalqchil tuzilmaga aylantirish, xalqqa yaqinlashtirish maqsadida amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar samarasi oʻlaroq, aholining ichki ishlar organlariga ishonchi ortyapti. Shu boisdan fuqarolar nafaqat jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, sodir etilganlarini fosh etish, balki boshqa turli masalalar yuzasidan birinchi navbatda hududiy ichki ishlar organlariga murojaat qilayotgani ham fikrimizning tasdigʻidir.
Bugun qishloqlarimizni kezar ekansiz, aholining turmush farovonligi oshayotganiga bevosita guvoh boʻlasiz. Har bir uyda qoʻsha-qoʻsha avtotransport vositalari, qad rostlayotgan zamonaviy turarjoylar aholi farovonligi oshayotganining yorqin namunasidir.
Sifatli taʼlim farzandlarimizning har tomonlama bilimli boʻlishi shubhasiz, porloq kelajagimizning asosiy poydevorlaridan biridir. Ixtisoslashtirilgan oʻrta taʼlim muassasalaridan tashqari, Prezident maktablari faoliyatining yoʻlga qoʻyilganini bu yoʻldagi xayrli va ezgu amallarning mantiqiy davomi deyish mumkin. Yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish maqsadida koʻplab nodavlat oliy taʼlim muassasalari faoliyat olib bormoqda.
Davlat va jamiyat boshqaruvida ochiqlik hamda adolatga asoslangan, odamlar manfaatiga xizmat qiladigan, xalqparvar qarorlar qabul qilish tizimi shakllantirildi. Mamlakatda avvalo inson, keyin esa, jamiyat va davlat manfaati tamoyili barcha harakatlarning negiziga qoʻyildi.
Muhim normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishidan oldin jamoatchilik muhokamalarining tashkil etilishi ham islohotlar samarasi sanaladi. Bu, jamoatchilik nazorati huquqidan foydalanish imkoniyatining taʼminlanayotganiga yaqqol dalildir. Shu bilan birgalikda, siyosiy huquqlarning taʼminlanishini saylovlarda nafaqat mamlakatimizda istiqomat qilayotgan aholi, balki xorijdagi fuqarolarimiz, jazoni ijro etish muassasalaridagi ayrim toifadagi mahkumlarning ham ishtirok etayotganida koʻrish mumkin.
Uzoq yillar davomida xalqimiz orasida istiqomat qilib, el-yurt ravnaqiga hissa qoʻshib kelgan shaxslarning siyosiy huquqlarini taʼminlash maqsadida ularga fuqarolik berish tartibi soddalashtirildi. Buning natijasida 2018–2021-yillarda 70 mingdan ortiq shaxs Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi.
Albatta, moʻjaz maqolada istiqlol yillarida jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilgan ulkan ishlar, bu borada kelgusidagi rejalar xususida batafsil toʻxtalishning iloji yoʻq. Biz mustaqillik bergan imkoniyatlarning ayrimlarigagina qisqacha toʻxtalib oʻtishga harakat qildik, xolos. Toki yer yuzida hayot davom etar ekan, ona Vatanimiz yanada taraqqiy etib, xalqimizning turmushi farovonlashib boraveradi. Zero, mustaqillik bu huquq demakdir, Oʻzbekiston esa ulkan imkoniyatlar mamlakatidir.
Sherzod ABDUSAMADOV,
oʻz muxbirimiz.
