El orasida ism jismga, yaʼni feʼl-atvorga, hattoki taqdirga taʼsir qiladi, degan qarash yuradi. Bu qanchalik haqiqatligini bilmadim-u, ammo qahramonimizning har ishda yangilik qilishga intilishi, hayotda tarozi pallasini doim teng ushlashga urinishi uning ismidan koʻchgan sifatlar boʻlsa, ajab emas.
Qahramonimiz leytenant Navroʻzbek Xoʻjamurodov Boysun tumanidagi Avlod mahallasida profilaktika inspektori boʻlib faoliyat yuritmoqda. Bunga koʻp boʻlmagan boʻlsa-da, soʻnggi ikki yil ichida uning saʼy-harakati bilan mahallada birorta ham jinoyatchilik qayd etilmadi.
– Maktabni tamomlagach, chegara qoʻshinlarida muddatli harbiy xizmatni oʻtab, imtiyoz bilan qaytdim, – deydi Navroʻzbek Xoʻjamurodov. – Soʻng IIV Akademiyasiga oʻqishga kirishga muvaffaq boʻldim. Bugun profilaktika inspektori boʻlib ishlayapman. Oʻz kasbimni yaxshi koʻraman.
Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Xoʻjamurod bobosidan halollikni, mardlikni, hamisha toʻgʻrisoʻz boʻlishni oʻrgangan qahramonimiz hayotda shu aqidalarga amal qilib yashashga urinadi. Bu uning ishida, odamlar bilan muomalasida yaqqol koʻrinadi.
2605 nafar aholi istiqomat qiladigan mahalladagi nizoli oilalarni yarashtirish, janjalkash qoʻshnilarni murosaga keltirishda ham uning hissasi katta. Chunki nizo, kelishmovchilik har qanday kishini yomon yoʻlga boshlashi, gʻazab otiga minganda nojoʻya harakat qilib, biror huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir qilib qoʻyishi hech gap emas. Shunday oilalarni oʻz kuzatuviga olgan profilaktika inspektori shu yilning oʻzida tazyiqqa uchragan 4 nafar ayolga himoya orderi berilishiga koʻmaklashdi. Probasiya hisobida turadigan shaxsni hududdagi fermer xoʻjaligiga ishga joylashtirdi.
Tabiatan tartib-intizomni yaxshi koʻradigan Navroʻzbekning kichik boʻlsa-da, yutuqlari ham yoʻq emas. Misol uchun, oʻtgan yili jangovar, jismoniy va maʼnaviy tayyorgarlik boʻyicha hamkasblariga nisbatan yaxshi natija koʻrsatgani uchun tuman IIB boshligʻi tomonidan alohida ragʻbatlantirildi. Bu yil esa xizmat intizomiga qatʼiy rioya qilib, xizmat hududida jinoyatchilikning oldini olishda oʻrnak koʻrsatgani uchun ota-onasiga tashakkurnoma berildi.
– Har kuni kamida oʻnta xonadonga kiraman va fuqarolar bilan doimiy muloqotda boʻlishga intilaman, – deydi qahramonimiz. – Shu jarayonda turli odamlarni uchrataman, ularning feʼl-atvori, psixologiyasini kuzataman, odamlar bilan qanday muomala qilish kerakligini oʻrganaman. Shularning barchasidan oʻzimga hayotiy xulosalar chiqarishga harakat qilaman. Zero, hayotdagi har bir holat, har bir voqeaning zamirida biz oʻrganishimiz lozim boʻlgan ilm yotishiga ishonaman.
Ha, ilm va izlanishda chegara yoʻq. Bahona ham. Qaerda yashamaylik, qanday vazifada ishlamaylik, har kundan va biz duch keladigan har kishidan saboq olib yashash – eng toʻgʻri yashashdir. Shundagina oʻtayotgan vaqtimiz ham behuda ketmaydi.
Bugun ana shunday hayotiy aqidaga tayanib ish koʻradigan yosh xodim – leytenant Navroʻzbek Xoʻjamurodovning oldinda rejalari koʻp. Demak, uning qalbi uygʻoq, xizmat faoliyatida nimadir yangilik qilishga, odamlarga, jamiyatda nafi tegishiga ishtiyoqmand.
Feruza RAHMONQULOVA,
«Postda» muxbiri.
Surxondaryo viloyati.
