Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Butun hayotini mamlakatimiz tinchligi va osoyishtaligini taʼminlashga bagʻishlagan ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat faoliyati xalqimiz koʻz oʻngida kechadi. Davlatimiz va Ichki ishlar vazirligi rahbariyati olib borayotgan saʼy-harakatlar samarasi oʻlaroq, soʻnggi yillarda odamlar ichki ishlar organlari xodimlari qiyofasida oʻzlarining yaqin koʻmakchisini koʻra boshladi. Aholi oʻzining quvonchu tashvishlari, oʻy-fikrlari, mavjud muammolari toʻgʻrisida kunning istalgan vaqtida osoyishtalik posbonlariga murojaat etayotgani islohotlar izchillik bilan olib borilayotgani natijasidir.
Odamlar ichki ishlar organi xodimiga biror masalada huquqiy yordam soʻrab murojaat qilar ekan, xodim qatʼiyatli va oʻziga ishonch bilan dadil gapirishi zarur. Aniq va loʻnda javob berish orqali fuqaroda boshqa savolga hojat qolmasligi kerak. Buning uchun, birinchi navbatda, undan huquqiy savodxonlik va notiqlik talab etiladi. Shuni eʼtiborga olib, vazirlik rahbariyati Maʼnaviyat va maʼrifat darslari va boshqa maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, uchrashuvlarda xodimlarning bilim saviyasi, shuningdek, ularda notiqlik mahoratini oshirishga alohida eʼtibor berib kelyapti.
Xodimlarning xizmat faoliyatida har xil holatlar yuz berishi mumkin. Osoyishtalik posbonlari har kuni turli xarakterdagi insonlar bilan muomala qilishlariga toʻgʻri keladi. Shuning uchun yuksak bilim va notiqlik bugun har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etyapti. Xodimlarga oʻtilayotgan turli mashgʻulotlarda qiyin vaziyatlarda oʻzini qanday tutish, jinoyatchilar bilan gaplashayotganda soʻzning taʼsirchanligini oshirishda nimalarga ahamiyat qaratish zarurligi boʻyicha mutaxassislar tomonidan zurur tavsiyalar berib borilayotgani ijobiy samarasini namoyon etmoqda.
Maʼlumki, ichki ishlar organlari va boshqa jamoatchilik vakillari hamkorligida oʻquvchilar bilan olib borilayotgan uchrashuvlar notiqlar zimmasiga ulkan masʼuliyat yuklaydi, aniqrogʻi, mavzuga oid chuqur bilim talab etadi. Notiq maʼlum bir jinoyat turi haqida soʻz yuritarkan, jinoyatchiga uni sodir etganligi uchun qandaydir jazo tayinlanganini shunchaki qogʻozga qarab aytib oʻtsa, auditoriyada taʼsir kuchi juda kam boʻladi.
Notiq, avvalo, oilada ota-onaning oʻrni, farzandlarning oilada bajarishi lozim boʻlgan vazifalari, ularning turli hoyu-havaslardan oʻzini tiyishi, ota-ona faqatgina taʼminotchi emas, balki eng yaqin doʻst, sirdosh ekanligini hayotiy, jonli misollar orqali tushuntirishi lozim. Oʻz navbatida, soʻzning qudratiga tayangan holda, har bir insonning savodli boʻlib, oq-qorani, yaxshi-yomonni ajratishi oʻqituvchilarning zahmatli mehnatlari mahsuli ekanligini ularning his qila olishiga erishishi lozim. Har bir aytgan soʻzi qalb qoʻridan chiqishi zarur, zero, hissiz gaplar hech kimni taʼsirlantirmaydi.
Notiqlik va yuksak bilim, muomala madaniyatiga rioya etish xodimlarning kundalik faoliyatida juda asqatadi. Zero, notiqlik sanʼatidan foydalanish orqali maqsadga erishiladi. Buning uchun esa chuqur bilim va maʼrifat bilan javob bera olish, notiqlik mahorati orqali fikr yetkazish sanʼatini egallash lozim.
Har yili muntazam ravishda deyarli barcha vazirlik va qoʻmitalar tizimida maʼnaviyat yoʻnalishi boʻyicha oʻtkazib kelinayotgan «Yilning eng faol maʼnaviyat targʻibotchisi» respublika koʻrik-tanlovi ham mohiyat eʼtibori bilan ahamiyatlidir. Tanlov ishtirokchilari oʻz chiqishlarida nutqining taʼsirchan, mazmunli va jozibador chiqishi uchun audio va video texnika vositalaridan, turli koʻrgazmali qurollardan foydalanishlari maqsadga muvofiq boʻlmoqda. Ular koʻtargan mavzular dolzarbligi bilan ajralib turadi. «Asr vabosi» deya eʼtirof etilgan millat tanlamas illatlar: giyohvandlik, terrorizm, ekstremizm, OITS va odam savdosi mavzularida oʻz mulohazalarini yetkazish usullari targʻibotchilarda yildan-yilga shakllanib boryapti.
Notiqlik sanʼati bu faqat tilshunoslik fani obʼekti emas, u mantiq, ruhiyatshunoslik, etika, estetika, poetika, falsafa, tafakkur, jamiyatshunoslik, siyosatshunoslik, davlatshunoslik ilmi hamdir. Shunday ekan, masala mohiyatini teran anglagan holda, tajribali voizlarni jamlab notiqlik sanʼatini oʻrgatishga qaratilgan maxsus oʻquv muassasalarini tashkil etish davr talabidir. Ana shu maʼnaviy ehtiyojni nazarda tutgan holda, «Notiqlik sanʼati akademiyasi» nodavlat taʼlim muassasasi tashkil etildi. Mazkur muassasada muloqot va muomala sirlarini, nutqiy mahorat asrorlarini bilishga, egallashga intiluvchilarni oʻqitish boʻyicha keng faoliyat olib borilmoqda.
Ichki ishlar vazirligi rahbariyatining tashabbusi bilan tizimdagi boshqarma va boʻlim boshliqlarining aksariyati «Notiqlik mahoratining kasbiy faoliyatdagi oʻrni» kursi boʻyicha 36 soatlik oʻquv dasturini 2019 yili muvaffaqiyatli oʻqib tamomlashgan. Pandemiya sabab ushbu hamkorlik maʼlum bir muddat toʻxtab qolgan edi. Mashgʻulotlarning ikkinchi bosqichi yaqin kunlarda oʻz ishini boshlashi boʻyicha tayyorgarlik ishlari olib borilyapti.
Mashgʻulotning asosiy maqsadi va vazifalari omma oldida nutq soʻzlash, fikrni erkin bayon etish, muloqot va muomala madaniyatini rivojlantirish, majlis va turli xildagi anjumanlarni boshqarish, har xil tadbir va marosimlarda boshlovchilik qilish, kitobsevarlikka chorlash, oʻqish va uqish sirlarini oʻrgatish, adabiy til meʼyorlariga rioya qilgan holda, ogʻzaki va yozma nutq madaniyatiga amal qilish koʻnikmasini hosil qilish, minbar, mikrofon va videokamera orqali jamoatchilikka fikr yetkazish madaniyati, idoraviy hujjatlar, rasmiy, ish yuritish qogʻozlarini toʻgʻri yozish va toʻldirish qoidalarini oʻrgatish, mantiqiy mushohada yuritish va yangicha fikrlash tarzini shakllantirish, har bir ichki ishlar organlari xodimida nutq mahorati va notiqlik sanʼatini takomillashtirishdan iboratdir.
Taʼkidlab oʻtganimizdek, nutq mahoratining ikki tomoni bor, biri nutq xususiyatlarini bilish boʻlsa, ikkinchisi nutq texnikasiga amal qilishdir. Har ikkalasini amalda qoʻllash muvaffaqiyatning garovi boʻlib xizmat qiladi.
Nutq xususiyatlarini bilish va unga amal qilish qoidalarini egallash ayni kunlarda muhim va dolzarb masaladir. Qonun, qaror, farmon, farmoyish, jinoyat kodekslarining mazmun-mohiyatini chuqur anglash asnosida keng jamoatchilikka sodda va ravon tilda yetkazib bera olish bugungi ichki ishlar organlari xodimining zimmasidagi masʼuliyatli vazifalardan sanaladi. Bu oʻz-oʻzidan notiqlik sanʼatining yuksak bilim bilan bogʻliqligini har bir osoyishtalik posboni asosiy qurol sifatida anglashi va amal qilishi shartligini koʻrsatadi.
Rahimboy JUMANIYOZOV,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent, Oʻzbekiston Yozuvchilar
uyushmasi aʼzosi.
