Abdulla chindan ham tirishqoq, samimiy yigit edi. Uning shuhratparast boʻlib qolishiga, amalga intilishiga maktab payti orttirgan ruhiy jarohati sabab boʻladi. Otasi amal otidan tushgandan soʻng oʻqituvchilarning muomalasi oʻzgarishi, ayniqsa, otasining doʻsti Husan amakining ikkiyuzlamachiliklari Abdullani butunlay oʻzgartirib yuboradi.
U bu dunyoda eng zoʻri boʻlsanggina seni hurmat qilishadi, senga tavallo etishadi, degan fikrga borgandi.
Asar qahramonining Gulchehraga boʻlgan munosabati ham jiddiy edi, toki Sayyoraga uylanish mavzusi koʻtarilmagungacha. Aynan shu nuqta, yaʼni vaʼdasiga vafo qilib, Gulchehraga uylangan holda qizni qiyin vaziyatdan qutqarish yoki Sayyoraga uylanib porloq kelajakni taʼminlashdan birini tanlash nuqtasi Abdullaning hayotidagi katta imtihonlaridan biriga aylanadi. Afsuski, qanchadan-qancha imtihonlarni aʼlo baholarga topshirgan, oltin medalli oʻquvchi, olimlikka daʼvogar shaxs Abdulla hayotning, odamiylikning shu sinovida qoqildi. Hayotda yaxshi talaba boʻla olmadi.
Hamma ham odam boʻlib tugʻiladi, lekin har kim ham bu nomga loyiq boʻlishning uddasidan chiqolmaydi. Odamiylik nomli xislat bor. Bu soʻz odamga, chin insonga xos xislat sanaladi.
Shuhratparastlik yomon xususiyatlar sirasiga kiradi. Buning sababi shundaki, odamlar koʻpincha shu salbiy xislat sabab koʻplab qabihliklarga, ikkiyuzlamachiliklarga qoʻl uradilar. Qanchalab insonlarning baxtsizliklariga, dilxiraliklariga sabab boʻladilar. Bunga yorqin namuna esa Abdulla timsolida namoyon boʻladi. U oʻtkinchi obroʻ-eʼtiborga yetishaman deb vijdonini yutqazdi, guldek bir qizning hayotiga zomin boʻldi. Endi uning olim boʻlishidan biror maʼno bormi?
Inson olim boʻlishdan-da oldin odam boʻlmas ekan, topgan obroʻ-eʼtibori, unvon-u amali bir pul. Asar real voqealarga asoslanib yozilgandek kitobxonni oʻziga jalb etadi. Asarda ota-onaga hurmat, qadr-qimmat, odamiylik tuygʻulari, yosh qalbning oʻy-hislari, oʻzbeklarning sodda va mehribonligi, oʻsmir bolaning orzulari va shunga oʻxshash voqealar ibratli tarzda yoritilgan. Asarni mutolaa qilgan oʻquvchi ana shunday odamiylik sabogʻidan dars oladi.
Fozil XOLMOʻMINOV,
Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi OʻMIB tergovchisi, kapitan.
