Millatning maʼnaviyatini shakllantirishda oilaning oʻrni muhimdir. Chunki inson ana shu mehr maskanida ulgʻayib, kamolga yetadi. Hayotiy tushunchalarga, tasavvurlarga, qarashlarga ega boʻladi.  

 Oiladagi sogʻlom muhit, tanlagan kasbiga boʻlgan intilish Dilshodni IIV Akademiyasiga yetakladi. Kursant boʻlish baxtiga muyassar boʻlgan bu yigit huquq ilmini qunt bilan oʻrganishga intildi. Ustozlarining oʻgit va nasihatlariga amal qildi. Oʻquv va amaliy mashgʻulotlarda faol ishtirok etdi. Akademiyani muvaffaqiyatli tamomlagan Dilshod Urganch shahar IIB Jinoyat qidiruv va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻlimi tezkor vakili lavozimiga tayinlandi. Yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligini taʼminlashdek masʼuliyatli vazifaning ogʻir yukini oʻz yelkasiga olgan leytenant Dilshod Oʻrinov ustozlaridan kasb sirlarini qunt bilan oʻrganishga intildi. Qolaversa, sodir etilgan jinoyatlarni “issiq izida” fosh etishga astoyidil harakat qildi. Ana shunday kunlarning birida u Urganch temir yoʻl bekatidagi tarmoq IIB tergov guruhi tergovchisi, leytenant Yulduz Hamdamova bilan tanishib qoladi. Bir birlarini hayotiy sinovdan oʻtkazgan bu ikki yosh koʻp oʻtmay turmush qurishadi. Oradan yillar oʻtib, oilada Dilnura va Dilmurod ismli bir-biridan shirin farzandlar dunyoga keldi. Oila boshligʻi sifatida Dilshodning zimmasidagi masʼuliyat bir muncha oshdi. Shunday boʻlsa-da, xizmat vazifalarini bajarishga ham, farzandlar tarbiyasiga ham vaqt topa oldi. Ichki ishlar organlarining turli lavozimlarida samarali xizmat qilgan mayor Dilshod Oʻrinov ayni kunda viloyat IIB PPX va JTSB boʻlinmalari maxsus qabulxona boshligʻi vazifasida xizmat qilib kelmoqda.    

  – Turmush oʻrtogʻi bilan ichki ishlar organlarida xizmat qilish qanchalik masʼuliyatli hamda sharafli ekanini hamma ham anglay olmaydi, – deydi viloyat IIB Kadrlar boshqarmasi bosh inspektori, mayor Yulduz Hamdamova. – Biroq, xalqimiz osoyishtaligini taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish oddiy hayot tarzi emas. Bu har bir ichki ishlar organlari xodimidan qatʼiy tartib-intizomni, burchga sadoqatni, yuksak masʼuliyatni, zimmamizdagi vazifani hushyorlik bilan bajarishni talab etadi. Biz ayollar ana shu vazifalarni toʻla-toʻkis bajarish bilan bir qatorda oila xotirjamligi, saranjom-sarishtaligi, farzandlar tarbiyasiga ham ulgurishimiz kerak. Oilani muqaddas, deb bilgan har bir ayol buni uddalaydi. 

  Ayniqsa, farzand tarbiyasida ota-ona istagi, orzu-intilishlari bir maqsadga qaratilgan boʻlishi lozim. Ana shundagina oilada sogʻlom muhit vujudga keladi. Oʻgʻil-qizlar har tomonlama komil insonlar boʻlib voyaga yetadi. Qahramonlarimiz ham ana shunday ezgu maqsadlar sari dadil intilishmoqda. Biz ularga omad tilaymiz!!

                                     Xudoybergan JABBOROV,

                                         “Postda” muxbiri.