Oila jamiyatning asosiy boʻgʻinidir. Uni asrab-avaylash millat manfaatiga xizmat qiladi. Shu bois ham mamlakatimizda oila atalmish muqaddas dargohni mustahkamlashga, yosh oilalarni doimo qoʻllab- quvvatlashga qaratilgan izchil siyosat olib boriladi, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkillashtiriladi. 

IIV huzuridagi JIEDda boʻlib oʻtgan navbatdagi Maʼnaviyat va maʼrifat darsi ham “Mustahkam oila — jamiyat koʻrki” mavzusida boʻldi. Tadbirni yuqori saviyada oʻtkazish maqsadida Oʻzbekiston Xalqaro islom akademiyasi katta oʻqituvchisi Saidafzal Saidjalolov hamda Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi “Olimjon ota” jome masjidi imom xatibi Elyor Erpoʻlatov taklif etildi.

Ular oila muqaddasligi, dinimizda er-xotinning bir-biri oldidagi burchlari, farzand tarbiyasida ahamiyat berish lozim boʻlgan dolzarb masalalar haqida batafsil tushunchalar berishdi. Mavzuga doir oyat va hadislardan, rivoyatlardan misollar keltirishdi. Shu bilan birga, bugungi kunda ayrim xorijiy davlatlarda sodir boʻlayotgan notinchliklar, ijtimoiy tarmoqlarda shu munosabati bilan bildirilayotgan munosabatlar ham muhokama qilindi. Yurtimiz tinchligini doimo asrab-avaylash, osoyishta kunlarga shukronalar keltirib yashash har birimizning burchimiz ekani qayd etildi. Bu yoʻlda jamiyatning aasosiy tayanchi boʻlgan oilalarda maʼnaviy muhitni yaxshilash, farzandlarning taʼlim-tarbiyasiga jiddiy eʼtibor berish eng samarali usul ekanligi alohida taʼkidlab oʻtildi. 


Inomjon RAHIMXOʻJAEV,

katta leytenant