Har bir maqsadning muvaffaqiyatli roʻyobiga erishish va omadsizlikdan qutulish mumkinmi? Buning uchun har kim ishni, avvalo, oʻzidan boshlagani maʼqul. Misol uchun, kitob oʻqish, oʻz ustida ishlash, bilmaganni soʻrab oʻrganish maqsadga muvofiq. Omad kaliti doim kissangizda boʻlishini istasangiz, baʼzi qoidalarga amal qilishga toʻgʻri keladi.

1. Inson nafaqat oʻz xatti-harakatlari, balki ularning natijasi uchun ham masʼuliyatni boʻyniga olishni, har bir ishi uchun javob berishni oʻrganishi kerak.

2. Taqdirdan tuhfalar kutib oʻtirish notoʻgʻri, bu ketishda biron narsaga erishish amrimahol. Muvaffaqiyat har kunlik mashaqqatli mehnatdir. 

3. Yaxshi lavozimga erishish yoʻlida kamchiliklar uchun qaygʻurish emas, fazilat va qobiliyatlarni ishga solish kerak. Chunki ular faqat bizga ayon va buni hammaga namoyon etish lozim. Har kim oʻzini munosib baholashni oʻrganishi, oʻzi sevgan ish bilan shugʻullanishi zarur. Shunda oʻsish zinasi boʻylab harakat ham yoqimli va quvonchli kechadi.

4. Aksariyat insonlar xatoga yoʻl qoʻyishdan qoʻrqib, ishga qoʻl urmaydi. Xato qilish odamzotga xos, shunchaki uni koʻra bilish, tan olish va oʻz vaqtida toʻgʻirlash muhim. 

5. Atrofdagilar bilan muomala qilish qoidalariga amal qilish ahamiyatli. Eng muhimi, jamiyatda har bir insonning oʻz oʻrni va qadri boʻlsin. Atrofdagilarga qoʻldan kelguncha yordam qiling, oʻzingiz ham koʻmak yoki maslahat soʻrashdan uyalmang.

Unutmang, omad hammaga kulib boqadi, lekin har kim ham unga kulib javob qaytarmaydi va bu faqat ularning aybidir.

Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.