Millatimiz ruhini ifoda etuvchi ona tilimiz bizni yuksak maʼnaviyatga, maʼrifatga, istiqlolu istiqbolga yetak­lovchi bebaho neʼmatdir. Ulugʻ maʼrifatparvar bobo­miz Abdulla Avloniy taʼkidlaganidek, har bir millatning dunyoda borligini koʻrsatadigan oyinai hayoti – bu uning milliy tili va adabiyotidir. Shu bois ham har birimiz ona tilimizni asrab-avaylashi­miz, eʼzozlashimiz lozim.

Taʼkidlash kerakki, koʻcha-koʻyda ajnabiy tildagi yozuvlarning qalashib ketishi, ish yurituvida hali ham rus tilidan qutulaolmayotganimiz, boshqa-boshqa muammolarning yuzaga kelishiga birinchi navbatda oʻzimiz aybdormiz. Koʻpchiligimizda milliy gʻurur yetishmaydi. Katta-kichik koʻchalar, hatto butun shahardagi barcha peshlavhalar, eʼlonlar boshqa tillarda yozilsa-da, parvo­yimiz falak. Xorijiy tilni oʻrgatishga ixtisoslashgan maktabgacha taʼlim tashkiloti va maktabda tarbiya­lanayotgan, oʻqiyotgan farzandlarimiz chet tillarda biyron gapirganidan xursand boʻlib yura­veramiz.

Soʻnggi yillarda davlat tiliga boʻlgan bu kabi munosabatlar, befarq­liklar yana asosiy mavzuga chiqib, ona tilimizning obroʻsini koʻtarish yuzasidan davlat ahamiyatiga molik saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda. Xususan, «Davlat tili haqida»gi qonunning tarixiy oʻrni va ahamiyatini inobatga olgan holda davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan ishlarning uzviy davomi sifatida 2020-yil 10-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Oʻzbekis­ton Respublikasining «Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida»gi qonunni imzoladi. Unga muvofiq 21-oktabr sanasi yurtimizda «Oʻzbek tili bayrami kuni» deb belgilandi. 2020-yil 20-oktabr­da esa Oʻzbekis­ton Respublikasi Prezidentining «Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoni qabul qilindi. 

Mazkur farmon bilan oʻzbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini tubdan oshirish, unib-oʻsib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qad­riyatlarga sadoqat ruhida tarbiya­lash, mamlakatimizda davlat tilini toʻlaqonli joriy etishni taʼminlash, davlat tili sifatida oʻzbek tilini oʻrga­nish uchun shart-sharoitlar yaratish, oʻzbek tili va til siyosatini rivoj­lantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yoʻnalish va vazifalarini hamda istiqboldagi bosqichlarini belgilash, oʻzbek tili­ning davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish asosiy maqsad qilingan.

Mazkur farmon asosida qabul qilingan «2020–2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi»da oʻzbek tilini uzoq muddatli rivojlan­tirishning asosiy ustuvor yoʻnalishlari belgilangan.

Shuningdek, unda oʻzbek tilini barcha sohalarda qoʻllash doirasini kengaytirish, undan davlat tili sifatida toʻliq va toʻgʻri foydalanishni taʼminlash maqsadida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yurita olish darajasini aniqlash mexanizmini ishlab chiqish, masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish boʻyicha daraja sertifikatlarini joriy etish, barcha vazirlik va idoralarda idoralararo hujjatlar aylanishi davlat tilida boʻlishini toʻliq taʼminlash nazarda tutilgan.

Xulosa qilib aytganda, ona tili­miz boʻlgan oʻzbek tilining nufuzi­ni oshirish, jamiyatda davlat tiliga hurmat-eʼtibor va mehr-muhabbat muhitini shakllantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud, meʼyoriy hujjatlar ham yetarli. Endigi vazifa Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, har birimiz davlat tiliga boʻlgan eʼtiborni mustaqillikka boʻlgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylan­tirishimiz lozim. Bu olijanob harakatni barchamiz oʻzimizdan, oʻz oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tili­mizga, urf-odat va qadriyatlari­mizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namo­yon etishimiz kerak.

Foziljon MAMASHARIPOV,

oʻz muxbirimiz.