Yaqinda IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli Chirchiq shahrida joylashgan 7535-harbiy qism hamda Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamkorligida “Ona Vatanimga tayanchman” nomli tadbir boʻlib oʻtdi.
Mazkur taʼlim muassasasiga kelgan yurt himoyachilari va ularning oila aʼzolari dastlab talabalarning oʻqishi va yashashi uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda universitet hayotidan hikoya qiluvchi muzey eksponatlari bilan yaqindan tanishishdi.
Shundan soʻng mehmonlar uchun konsert dasturi namoyish etilib, bir guruh harbiy xizmatchilarning oila yumushlari va farzandlar tarbiyasida oʻzining beminnat mehnatini ayamay kelayotgan turmush oʻrtoqlariga harbiy qism qoʻmondonligining tashakkurnomalari topshirildi.
Shuningdek, koʻtarinki ruhda oʻtgan tadbir davomida Vatan himoyachilarining mazkur taʼlim dargohida faoliyat koʻrsatayotgan sport toʻgaraklariga qatnashish maqsadida yurgan farzandlarining ham orzusi amalga oshdi.
Mixli SAFAROV,
“Postda” muxbiri.
