(25-oktabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni)

 

Agar davlat tayanadigan asosiy ustun qonun boʻlsa, uning kuchini amalda namoyon etadigan eng samarali tizim bu – ichki ishlar sohasi, desak, ayni haqiqat boʻladi.

Shavkat MIRZIYOYEV

 

Bugun dunyoda hukm surayotgan murakkab va tahlikali sharoitda mamlakatimiz xavfsizligi va hududiy yaxlitligini, jamiyatimizda tinchlik va hamjihatlikni taʼminlash qanchalik muhim vazifa ekanligini barchamiz koʻrib, bilib turibmiz. Bunda ichki ishlar organlari xodimlari har doim davlatimiz va jamiyatimizning mustahkam tayanchi boʻlib xizmat olib borishmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasining jamoat xavfsizligi konsepsiyasi hamda 2022–2025-yillarda jamoat xavfsizligini taʼminlash tizimini rivojlantirish strategiyasi asosida fuqarolar huquqlarini himoya qilish tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarishga qaratilgan zamonaviy ish uslublari amaliyotga tatbiq etilmoqda. Hududlarda jinoyatchilikning oldini olish, uning sabablarini bartaraf etish maqsadida huquqbuzarliklarning «mahallabay» va «xonadonbay» muhokamalari keng jamoatchilik ishtirokida oʻtkazilmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizdagi har bir mahallada xizmat olib borayotgan profilaktika inspektorlari hudud fuqarolarining tekshiruvchi yoki nazoratchisi emas, balki barcha hayotiy masalalarda aholiga koʻmakchi, chinakam yelkadosh, yonma-yon turadigan yaqin insonga aylanib ulgurdi. Shuningdek, profilaktika inspektorining mahallada hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli bilan hamkorlikdagi faoliyati koʻplab huquqbuzarliklarga barham berib, turli yoʻnalishdagi muammoli masalalarning hal etilishida alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, hududlarda xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektorlar koʻp sonli opa-singillarimizning maslahatchisi, himoyachisi va koʻmakdoshi sifatida qator amaliy ishlarni olib borishmoqda.

Probatsiya xizmati xodimlari ham tegishli tashkilot va idoralar bilan hamkorlikda mahkumlarni zarur kasb-hunarlarga oʻqitish, ishga joylashtirish, xususiy tadbirkorlikka jalb etish, eng asosiysi, ish beruvchilar tomonidan ularning huquq va manfaatlari taʼminlanishida yaqindan yordam koʻrsatishmoqda.

Ichki ishlar vazirligi tarkibidagi xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlinmalari xodimlari mamlakatimizning turistik salohiyatini oshirish borasida jonbozlik koʻrsatib, xorijiy hamda mahalliy sayyohlarning xavfsizligini taʼminlanish barobarida ularning mazmunli sayohatiga munosib hissa qoʻshib kelayotir. Ayni paytda ushbu boʻlinmalarda qator xorijiy tillarni biladigan, tarix, etnografiya va sanʼat sohasidan chuqur bilim, koʻnikmaga ega yosh yigit-qizlarning oʻz vazifalarini har jihatdan toʻkis bajarayotganini koʻrib koʻnglimizda faxr tuyishimiz rost.

Bugungi kunda ichki ishlar organlarining tergov, jinoyat qidiruv, jamoat tartibini saqlash, patrul-post, kinologiya, yoʻl harakati xavfsizligi, probatsiya, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish, transportda xavfsizlikni taʼminlash, ekspert-kriminalistika, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash, moliya, tibbiyot singari qator sohaviy xizmatlarda faoliyat koʻrsatayotgan xodimlar, vazirlik tizimidagi harbiy xizmatchilar hamisha oʻz oromi, tinchi, huzur-halovati, kerak boʻlsa jonidan kechib, Vatanimiz, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini saqlash va himoya qilishdek ulugʻ vazifalariga hamisha sobit. Ular diyorimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik posboni, kerak boʻlsa qalqoni boʻlib xalq ishonchi va roziligi yoʻlida, kecha-yu kunduz sergak va hushyor xizmat qilishmoqda. Sohadagi yangilanish, oʻzgarishlar bilan hamnafas, oʻz burchi va qasamyodiga sodiq, vatanparvar va xalqparvar fidoyi xodimlar namunali xizmati bilan Yangi Oʻzbekistonda «Inson qadri uchun» degan ezgu tamoyil asosida olib borayotgan islohotlar rivojiga munosib hissa qoʻshayotirlar. Zotan, yuragi shu yurt taqdiri, uning buguni, ertasi, tashvishi bilan urib turgan har bir inson uchun Vatan tinchligi, osoyishtaligi hamma narsadan ustundir. Uni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash, qadrlash esa muqaddas burch, sharafdir. Ichki ishlar organlari xodimlari ana shu ulugʻ maqsad yoʻlida bel bogʻlab xizmat qilayotgan, hamisha xalq bilan hamnafas yashayotgan oramizdagi qahramonlardir.

Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,

oʻz muxbirimiz.