Fargʻonada IIV Akademiyasi, ShXBB Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi, viloyat IIB Kasbiy tayyorgarlik boʻlimi hamkorligida ayni paytda bitiruv malakaviy ishi oldi amaliyotini oʻtayotgan Akademiyaning 3-kurs kursantlari, ularning murabbiylari hamda ota-onalar ishtirokida uchrashuv oʻtkazildi.
Unda IIV Akademiyasi boshligʻining oʻrinbosari, polkovnik Oybek Kamalov, viloyat IIB Faxriylar kengashi raisi, isteʼfodagi podpolkovnik Arabboy Usmonov hamda ShXBB Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi rahbarlari soʻzga chiqib, kursantlarning amaliyot oʻtash davrida xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etishlari uchun murabbiylar hamda ota-onalar ham masʼul ekanliklarini taʼkidladilar.
Shu yerda kursantlarga sohaga oid qabul qilingan qaror va farmonlar mazmun-mohiyati, tizimga joriy qilingan yangiliklar yetkazildi.
Uchrashuvda kursantlar ham soʻzga chiqib, nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlab borayotganliklarini taʼkidladilar. Bildirilgan ishonchni oqlab, kelajakda yetuk ofiser sifatida, Vatan ravnaqi uchun xizmat qilishga vaʼda berdilar.
Tadbir soʻngida Akademiya tarixi va bugungi zamonaviy qiyofasini aks ettiruvchi hujjatli filʼm havola etildi.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.
