Temuriylar tarixi davlat muzeyi 1996-yil 18 -oktabrda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan bunyod etilgan.
Muzeyning asosiy maqsadi, Amir Temur va temuriylar davrida ilm-fan va madaniyatning yuksak darajadagi taraqqiyotini haqqoniy aks ettirish va keng targʻib qilish, chuqur insonparvarlik ruhi bilan sugʻorilgan tarixiy yutuqlarimiz hamda anʼanalarimiz asosida yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdan iborat. Muzey fondining asosiy qismi Amir Temur va temuriylar davriga oid qoʻlyozma asarlar, turli davlatlar hukmdorlari bilan olib borilgan yozishmalar, tangalar, sopol va mis buyumlar, meʼmoriy bezak qoplamalari, kitoblar, etnografik buyumlar, yurtimiz rassomlari asarlari kabi nodir eksponatlardan iborat.
Koʻrgazma zalining markazidagi devoriy tasvirdan «Buyuk Sohibqiron – buyuk bunyodkor» nomli 3 qismdan iborat asar oʻrin olgan. Birinchisi – «Tugʻilish» qismida Sohibqironning tugʻilishi bilan bogʻliq urf-odatlar ramziy tasvirlarda ifodalangan. Ikkinchisi – «Yuksalish»da «Rosti-rasti» («Toʻgʻrilik najotdir») degan shior oltin harflar bilan bitilgan. Bu qismning markazida taxtda oʻtirgan Sohibqironning vazir, ulamo, harbiy aʼyonlar davrasidagi mashvaratlari aks ettirilgan. Pastroqda esa Sohibqironning avlodlari (Muhammad Sulton, Ulugʻbek, Husayn Boyqaro, Zahiriddin Muhammad Bobur) bobolaridan meros qolgan tuzuklarni mutolaa qilayotganlari va Amir Temur barpo etgan meʼmoriy obidalar tasvirlangan. Uchinchisi – «Faxrlanish» boʻlimida merosning avloddan avlodga oʻtib kelayotganlik gʻoyasi oʻz aksini topgan.
Bugungi kunda muzey eksponatlarining soni esa besh mingdan oshadi.
Boʻlajak ichki ishlar organlari xodimlari ona Vatanimiz tarixini yaxshi bilishi zarur. Bu ularda vatanparvarlik, yurtga muhabbat tuygʻusini kuchaytirishda muhim oʻrin tutadi. Ichki ishlar vazirligi taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlarning ham temuriylar davri ilm-fani, madaniyati va tarixiga oid bilimlarini mustahkamlashda ushbu muzeyning ahamiyati beqiyos.
Muzey doimo tariximizni chuqur oʻrganishga intilayotgan olimlar, oʻquvchilar va talabalar bilan gavjum. Oʻtmish va bugunni tutashtirgan makonda yurtdoshlarimizdan tashqari, koʻplab xorijlik sayyohlarni ham uchratish mumkin.
Saodat JUMANOVA,
IIV Ixtisoslashtirilgan maktab-internati tarix fani oʻqituvchisi.
