Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasida oʻzgarayotgan, yangilanayotgan Oʻzbekistonning dunyodagi oʻrni va mavqei tobora mustahkamlanib, xalqning turmush darajasi yaxshilanib, ertangi kunga boʻlgan ishonchi ortib bormoqda. Albatta, bunday ijobiy oʻzgarishlarga, avvalo, Prezidentimizning siyosiy irodasi va jasorati, qolaversa, har tomonlama puxta oʻylangan va xalq manfaatiga xizmat qiladigan islohotlar hayotga izchil tatbiq etilishi hamda zahmatkash xalqimizning mashaqqatli mehnati tufayli erishilmoqda.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 11-sentabrdagi «Oʻzbekiston – 2030» strategiyasi toʻgʻrisida»gi farmoni bilan keyingi yillarda orttirilgan tajriba hamda jamoatchilik muhokamasi natijalari asosida ishlab chiqilgan «Oʻzbekiston – 2030» strategiyasi tasdiqlandi. Unda oʻz aksini topgan insonparvarlik siyosati, «Inson qadri uchun» tamoyili ijrosi yoʻlidagi dadil qadamlar, yaqin kelajakda amalga oshiriladigan keng koʻlamli islohotlar, aniq maqsad va vazifalar xalqimiz hayotiga yangicha mazmun bagʻishlashi shubhasiz.

Bunday muhim hujjatning qabul qilinishi oldimizda turgan ulugʻvor vazifalarni roʻyobga chiqarishga qatʼiy kirishganimizdan dalolat beradi. Dunyo miqyosida raqobat keskinlashib borayotgan hozirgi murakkab bir davrda mamlakatimizni ilm-fan yutuqlari, yuqori texnologiyalar asosida modernizatsiya qilish hamda yangilash eng muhim vazifalarimizdan biriga aylandi.

 «Oʻzbekiston – 2030» strategiyasida quyidagi asosiy gʻoyalar aks ettirilgan boʻlib, bu har bir fuqaroga oʻz salohiyatini rivojlantirish uchun imkoniyatlarni yaratish, sogʻlom, bilimli va maʼnaviy barkamol avlodni tarbiyalash, global ishlab chiqa­rishning muhim boʻgʻiniga aylangan kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli taʼminlashga xizmat qiladi:

– barqaror iqtisodiy oʻsish orqali oʻrtadan yuqori daromadli mamlakatlar qatoriga qoʻshilish;

– xalq ehtiyojlari va xalqaro standartlarga toʻliq javob beradigan taʼlim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini yaratish;

– aholi uchun qulay eko­logik sharoitlar yaratish;

– xalqqa xizmat qiluvchi adolatli va zamonaviy davlat qurish;

– mamlakat suvereniteti va xavfsizligini kafolatli taʼminlash.

Mazkur ustuvor yoʻnalishlar doirasida yalpi ichki mahsulot hajmini 2 barobar oshirish, kambagʻallikni 2 barobarga kamaytirish, maktabgacha taʼlim bilan qamrov darajasini 100 foizga yetkazish, suvni ishlatish samaradorligini 25 foizga oshirish kabi qator vazifalar belgilangan.

Har qanday mamlakatning kelajagi yosh avlodning har tomonlama yetuk, bilimli va malakali kadrlar boʻlib yetishishiga bogʻliq. Binobarin, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini yuksaltirish yoʻlidagi ezgu niyatlarni roʻyobga chiqarishda maʼnan yetuk, oʻz ishining mutaxassisi boʻlgan kadrlarga ehtiyoj har qachongidan ham yuqori. Shu sababli Strategiyada taʼlimni qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilgan. Jumladan, Prezidentimizning joriy yil 11-sentabrdagi «Oʻzbekiston – 2030» strategiyasini 2023-yilda sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaroriga koʻra, 2024-yil 1-yanvardan:

– davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga oqsil, vitamin va minerallar bilan boyitilgan sut, yod bilan toʻyintirilgan non mahsulotlari berilishi yoʻlga qoʻyiladi;

– Xorazm viloyatining Qoʻshkoʻpir va Xonqa tumanlarida eksperiment tariqasida, barcha boshlangʻich sinf oʻquvchilari taʼlim planshetlari bilan taʼminlanib, kelgusida bu tajriba respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich joriy etiladi;

– banklarning nodavlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun qiymati 20 milliard soʻmgacha kreditlar boʻyicha foiz stavkasi asosiy stavkadan osha­digan, lekin uning 1,5 baravaridan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun kompensatsiya taqdim etish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi;

– 2023/2024-oʻquv yilidan, umumiy oʻrta taʼlim muassasalari 10-sinf oʻquvchilarini kasb-hunarga oʻrgatish kurslari joriy etiladi, shuningdek, Prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar umumiy oʻrta taʼlim muassasalari uchun «tayanch maktab» etib belgilanadi.

«Oʻzbekiston–2030» strategiyasida oliy taʼlimda qamrovni kengaytirish, oliy maʼlumotli muta­xassislar tayyorlash sifatini oshirish masalasiga ham alohida eʼtibor berilgan.

Strategiyaning qonun ustuvorligini taʼminlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish yoʻnalishi doirasida 2024-yil 1-yanvardan boshlab yoʻl harakati xavfsizligi sohasida davlat xizmatlarini koʻrsatishda, shu jumladan, avtomototransport vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishda avtomototransport vositasining oldi-sotdi shartnomalari va boshqa notarial tasdiqlangan bitimlarni «Notarius» avtomatlashtirilgan axborot tizimidan olish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi va ariza beruvchilardan mazkur hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi. Bu davlat xizmatlarini koʻrsatishda aholiga yanada qulaylik yaratadi.

«Oʻzbekiston – 2030» strategiyasining «Xavfsiz va tinchliksevar davlat» tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish yoʻnalishida ham qator maqsadlar, tashabbuslar oʻrin olgan. Bunda xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni qoʻllab-quvvatlash, ular bilan doimiy muloqot tizimini joriy etish borasida belgilab berilgan vazifalar ham muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, vatandoshlar tomonidan yoʻlga qoʻyilgan jamoat birlashmalari faoliyatini har tomonlama ragʻbatlantirish va ularning sonini 300 taga yetkazish, oʻzbek tili va adabiyoti, tarix, madaniyat, sanʼat va hunarmandchilik yoʻnalishidagi oliygohlarda xorijdagi vatandoshlar uchun 200 ta grant ajratish koʻzda tutilgan. Shuningdek, vatandoshlar ishtirokida tibbiyot, taʼlim va ilm-fan sohalarida 100 ta loyihani amalga oshirish, vatandoshlar jamoat birlashmalariga yetkazib beriladigan badiiy adabiyotlar sonini 100 mingtaga koʻpaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Bir soʻz bilan aytganda, inson manfaatlari ustuvorligini taʼminlash, jamiyatni yanada rivojlantirish maqsadida aholi takliflari, talab va ehtiyojlari inobatga olingan holda qabul qilingan «Oʻzbekiston – 2030» strategiyasi hayotbaxsh dasturga aylanishiga ishonchimiz komil. Zero, amalga oshirilayotgan islohotlar odamlarimiz ijobiy oʻzgarishlar samarasini kelajakda emas, balki bugun his etishiga, davlat organlarining xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qilishini yangi bosqichga koʻtarilishiga xizmat qilmoqda.

 

Azizjon FAYZIYEV,

mayor.