IIV Madaniyat saroyida vazirlik markaziy apparati xodimlari ishtirokida boʻlib oʻtgan navbatdagi maʼnaviyat va maʼrifat darsi oʻzligimiz timsoli boʻlgan oʻzbek tiliga bagʻishlandi.
Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 33 yilligiga bagʻishlangan ushbu tadbirda soʻz olgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti professori, filologiya fanlari doktori Nusratilla Jumaxoʻja yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar xalqimizning farovon hayotini taʼminlashdek ezgu maqsadga xizmat qilishini, davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlar esa bu kabi ishlarni yanada takomillashtirishda muhim asos boʻlib xizmat qilishini taʼkidladi.
Shundan soʻng soʻzga chiqqan IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar xizmati masʼul xodimi, isteʼfodagi polkovnik Zikrilla Neʼmatov davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etish va ularning ijrosini taʼminlash vazirlik rahbariyati tomonidan ham nazoratga olinganligiga alohida toʻxtalib oʻtdi. Shu bilan birga, oʻzining qalamiga mansub ona tilimizni madh etuvchi sheʼrini tadbir ishtirokchilariga oʻqib eshittirdi.
– Davlat tilining dolzarb masalalariga bagʻishlangan ushbu tadbir oʻzining salohiyati va mazmundorligi bilan muhim ahamiyat kasb etdi, – deydi IIV Xalqaro aloqalar boshqarmasi bosh inspektori, kapitan Bunyod Davronov. – Tadbir davomida bu borada kelgusida qilishimiz lozim boʻlgan majburiyatlarimizni ham yanada teranroq angladik.
Shunday qilib, ona Vatanga sadoqat, kasbga hurmat hamda vatanparvarlik ruhida oʻtgan mazkur tadbir ishtirokchilarning maʼnaviy olamini boyitishda ahamiyatli boʻldi.
Mixli SAFAROV,
“Postda” muxbiri.
