Uchtepa tumani IIofmb PPX inspektori, safdor Jahongir Togʻayev Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida tugʻilgan. Hozirgi kunda Profi universitetining 4-kurs talabasi.
Yoshligidan adabiyotga havas qoʻygan, boʻsh vaqtlarida koʻplab kitoblar mutolaa qilgan qahramonimiz maktab davrlaridayoq sheʼr yozishni mashq qila boshlagan. Havaskor yosh ijodkorning ijodiy ishlari respublika nashrlarida ham chop etilgan.
U oʻzining ilk sheʼriy toʻplamini taqdim etish arafasida.
Gʻayrat-shijoatga toʻla safdor J. Togʻayev koʻnglidagi orzularni amalga oshirishga shoshiladi. Xayolida turli rejalar, gʻoyalar hamisha qaynab toshadi. Shuning uchun hammasiga ulguradi. Tilagimiz, uni yoshlik zavqi hech qachon tark etmasin.
Oʻz muxbirimiz.
Toshkent shahri.
OTANG BOʻLSA...
Ota-quyosh, uni toʻsmas bulut ham,
Parvozingda ortda qolar burgut ham,
Qadding egmas, ezgʻilamas seni gʻam,
Shukr deyman, yonginamda otam bor.
Otang boʻlsa, tulporing ham samandir,
Otang boʻlsa, sahrolar ham chamandir,
Boshingga tosh kelsa ham u omondir,
Boshim omon, yonginamda otam bor.
Suyanganim misoli togʻ otamdir,
Muhabbatda, mehrda u Hotamdir,
Qirolimning malikasi onamdir,
Shahzodaman, yonginamda otam bor.
Har onimda toʻq turadi koʻnglim ham,
Yaqinlashmas, yiroq yurar mendan gʻam,
Badavlatman, davlatmanddan nimam kam,
Boshim koʻkda, yonginamda otam bor.
Jahongir TOGʻAYEV,
safdor.
