Surxondaryo viloyati IIB JXX Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi PPX batalyoni shaxsiy tarkibi orasida ham soʻz qudratini his qila olgan ijodkor xodimlar bor. Ulardan biri Ijtimoiy-siyosiy, ommaviy-madaniy tadbirlarda xavfsizlikni taʼminlash otryadi inspektori, safdor Samoyiddin Shamsuddinov.
Samoyiddinning sheʼrlarida samimiylik, Vatanga muhabbat, ota-onani hurmat qilish kabi tuygʻular tarannum etiladi. Uning ayrim ijod namunalari «Janub yosh ijodkorlari» nomli toʻplamdan joy olgan.
Insoniy fazilatlar kishi xulqiga zeb beradi. Xuddi shunday, Samoyiddin ham insonlardagi qatʼiyatni qadrlaydi.
— Har bir inson oʻz oldiga bir maqsad qoʻydimi, toʻsiqlarga duch kelsa ham, yoʻlidan ogʻishmay olgʻa harakat qilish uchun kuch topa olishi kerak, deb hisoblayman. Chunki qatʼiyatlilik koʻp narsalarni hal qilib qoʻyadi. Buning uchun kishida mustaqil fikr boʻlishi lozim, — deydi lavhamiz qahramoni.
Darvoqe, tafakkurli inson uchun hayotning har lahzasi saboq. Muhimi, oʻsha lahzalarni oʻtkazib yubormaslik kerak. S.Shamsiddinov ham olgan saboqlarini, anglashlarini, xulosalarini ijodi orqali odamlarga yetkazishga, ezgulik ulashishga harakat qiladi.
Feruza Rahmonqulova,
oʻz muxbirimiz.
Surxondaryo viloyati.
Mahbub nolasi
Ishqim tushdi bir jononga,
Oʻt tushdi-ku xonumonga.
Kel yonimga sen bir onga,
Ruh bagʻishla shirin jonga.
Sevgi oʻzi asli nadir?
Oshiq koʻngli koʻrdir, kardir.
Bu dunyoda sevgi bordir,
Uni tuygan oshiq har chogʻ,
Koʻtarilar koʻngli togʻ-togʻ.
Ishonmasang, bir qarab boq,
Choʻl boʻlsa ham boʻlar bogʻ-bogʻ.
Sevgi darddir oʻzi asli,
Unib chiqar yoshlik fasli.
Gul barglari xush iforli,
Tuyar uni chin yurakli.
Davo yoʻqdur ushbu dardga,
U tegadi faqat mardga.
Mahbub koʻnar har bir shartga,
Qaytolmaydi hech ham ortga.
Samoyiddin
SHAMSUDDINOV,
safdor.
